13-avgust kuni O‘zbekistonning qator banklari 1 AQSH dollarini 8940 so‘mdan olib, 9000 so‘mdan sotmoqda.

Oxirgi bir haftada ichki valyuta bozorida so‘mning keskin qadrsizlanishi kuzatilgan.

Bu esa ijtimoiy tarmoqlarda vahimaga sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston: «Dollar yana ko‘tarilsa, 8400-8500 so‘mlarga chiqsa, yaxshi bo‘lardi?..»

Rossiya – O‘zbekiston: dollar yana oshadimi?

O‘zbekiston banklari dollarni yuridik shaxslarga «qora bozor» kursida sotishni boshladi

O‘zbekiston markaziy banki xorijiy valyutaning so‘mga nisbatan almashuv kursi oshish sur’atining tezlashishini birinchi navbatda tashqi omil – O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy milliy valyutalarining qadrsizlanishi bilan izohlagan.

Shuningdek, O‘zbekistonning o‘zidagi import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning o‘sib borishi ham milliy valyuta qadrining tushib ketishiga sabab bo‘lgani aytiladi.

Markaziy bank ichki valyuta bozorida yuzaga kelgan joriy holatni inobatga olib, «valyuta kursi kunlik tebranishining kengaytirilgan koridorini qo‘llash»ga o‘tayotganini ma’lum qilgan.

Mutaxassislarga ko‘ra Markaziy bank bayonoti ichki bozorda so‘m massasi ko‘payib ketgani va uni yig‘ib olish uchun harakatlar boshlanganini anglatadi.

Markaziy bank valyuta bozorini tartibga solishda davom etadi, ammo milliy valyuta kursini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘rnatiladigan sun’iy diapazon kengayadi.

Mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovning yozishicha, O‘zbekistonning yangi tarixida xorijiy valyuta kursining bundan ham katta sakrashlari kuzatilgan va hozir vahimaga asos yo‘q.

Uning fikricha, Markaziy bank tilga olgan tashqi omil mavjud, ammo asosiysi bu emas.

«Asosiy sabab boshqa. Yaqin-yaqingacha Markaziy bank tashqi bozorda oltin sotish orqali so‘mning real kursini sun’iy ravishda mustahkamlab keldi, ya’ni uning tushishini jilovlab turdi. Bu esa oxirgi yarim yilda import o‘sishining asosiy sababi bo‘ldi», – deb yozdi iqtisodchi.

Uning aytishicha, hozirgi kunda Markaziy bank siyosati o‘zgarmoqda.

Yusupovga ko‘ra dollar kursi o‘sishda davom etadi, chunki ichki valyuta bozorida muqaddam buzilgan muvozanatni tiklash uchun vaqt kerak.

O‘zbekiston moliya vazirligining sobiq mutaxassisi, Qozog‘istondagi Yevrosiyo universiteti dotsenti Saparboy Jubayevning Bi-bi-si bilan suhbatda aytishicha, aynan eksport va import o‘rtasidagi salbiy balans hozirgi o‘sishning asosiy sababidir.

Uning fikricha, O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bilangina milliy valyutani mustahkamlay oladi.

«O‘zbekistonda valyuta birjasini Markaziy bank nazorat qilishi va Markaziy bankning o‘zi hukumatdan mustaqil emasligi ham muammoning bir qismi», – deydi u.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra O‘zbekiston hukumati xorijiy valyuta kurslarini valyuta birjasi emas, balki Markaziy bank orqali tartibga solishda davom etmoqda.

«Moliya tizimida katta tarkibiy o‘zgarishlar qilinishi kerak», – deydi iqtisodchi.