Diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish endi osonlashadi. Diniy ta’lim muassasalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ham soddalashtiriladi. Shunga o‘xshash bir qator o‘zgarishlar yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasida o‘z aksini topadi deb aytgan adliya vazirining o‘rinbosari Akbar Toshqulov 14-may kuni o‘tgan o‘tgan yig‘ilishda.

Bularning barchasi BMTning Din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahidning tavsiyalarini bajarish doirasida qilinmoqda.

Undan tashqari, ushbu qonun loyihasida:

  • qonun normalari Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga muvofiqlashtiriladi;
  • diniy tashkilotlarni tashkil etish uchun tashabbuskorlar soni 100 kishidan 50 kishigacha qisqaradi;
  • diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi soddalashtiriladi;
  • davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishda aniq asoslar keltiriladi.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kelish va tarqatish tartibini ham o‘zgartish taklif qilingan.

Masala tarixi: 2017-yilda BMTning Din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisiga 2002-yildan beri ilk bor O‘zbekistonga kelishga ruxsat berilgan. O‘sha paytdagi BMT maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid O‘zbekiston konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida insonlarning diniy erkinliklari kafolatlanganini qayd etgan, lekin bir qator me’yoriy hujjatlarda bu erkinliklar cheklanishiga olib keladigan bandlar o‘rin olganini aytgan.

Ahmad Shahid O‘zbekistondagi qonunchilik yolg‘iz yoki jamoa bo‘lib ibodat qilish, bolalarning diniy ta’lim olishi uchun qator cheklovlarni yuzaga keltirganini aniqlagan.

BMT ma’ruzachisi O‘zbekiston hukumatining jamoat xavfsizligi, jamoat tartibi, boshqa insonlarning erkinligini muhofazalash maqsadidagi cheklovlari me’yoridan oshib ketganini ta’kidlagan.

"Shunday qilib, diniy yoki e’tiqod erkinligi insonning huquqi hisoblansa-da, bu tushuncha qonunchilik va amaliyotda e’tirof etilmaydi" degan xulosaga kelgan BMT maxsus hisobotchisi.

Ma’ruzachi O‘zbekistonda diniy yoki e’tiqod erkinligi qay yo‘sinda cheklanishini aniq misollar bilan qayd etgan.

Bular ro‘yxatga olish, diniy adabiyotni nashr qilish uchun ruxsatnomani qo‘lga kiritish, o‘zga dinni qabul qilish va missionerlik taqiqlangani singarilardir.

Ahmad Shahid O‘zbekistonda "diniy ekstremizm" tushunchasi haddan ziyod keng talqin etilishiga e’tibor qaratgan.

O‘zbek hukumati BMTning Din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining tavsiyalarini inobatga olib, Oliy Majlisning qo‘shma qarori bilan 2018-yil 4-mayda Din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tasdiqlagan.

"Yo‘l xaritasi" Ahmad Shahidning tavsiyalarini bajarishga qaratilgan 52 ta tadbirni nazarda tutadi. 2019-yilda shulardan 11 tasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bu tavsiyalar doirasida diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti yaqinda ham soddalashtirilgandi. Ularning markaziy organlari uchun davlat boji besh barobar – EKIHning 100 baravaridan 20 baravarigacha va diniy tashkilotlarning o‘zi uchun 50 dan 10 gacha qisqartirilgan edi.

Ro‘yxatga oluvchi organga hisobot berish tartibi va muddati yiliga bir marta hisobot taqdim etish talabini belgilash yo‘li bilan soddalashtirilgan.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning vakolatlaridan diniy tashkilotlarni tugatish huquqi chiqarib tashlanib, diniy tashkilot faoliyatini sud tartibida to‘xtatish belgilangan.

Lekin... O‘zbekiston yana diniy erkinliklar holati "alohida xavotirga molik davlatlar" ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Dunyoda diniy erkinliklarning ahvolini kuzatuvchi AQSH komissiyasining (USCIRF) 29-aprelda e’lon qilingan 2019-yilgi hisobotida O‘zbekistonga nisbatan shunday chorani ko‘rish tavsiya qilingan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, 2018-yilda O‘zbekiston Oliy Majlisi BMT maxsus hisobotchisining tavsiyalarini inobatga olgan holda diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilgani olqishga sazovordir.

“Lekin hukumatning yuqori pog‘onalarida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganiga qaramay, diniy erkinliklarning jiddiy buzilishi davom etmoqda”, – deyiladi hisobotda.

Komissiya O‘zbekiston maktablari va universitetlarida hijobli qizlar o‘qishga kiritilmayotgani, bu holatni tanqid qilgan qator blogerlar esa hibsga olinib, jarimaga tortilganini ta’kidlagan.

Shu munosabat bilan Diniy erkinlik komissiyasi O‘zbekiston hukumatiga 1998-yilda qabul qilingan din to‘g‘risidagi qonunni isloh qilishni, dindorlarning huquqlarini xalqaro inson huquqlari me’yorlariga tenglashtirishni taklif qilgan.