Yaqinda davlat bilan xususiy biznes o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat qabul qilindi. 10-may kuni Shavkat Mirziyoyev “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunga imzo chekdi. Mazkur qonunni qabul qilish qariyb 2 yilga cho‘zilib ketdi.

O‘zbekiston hukumati ijtimoiy muhim infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha faol harakat qilib kelmoqda. Hokimiyat va biznes o‘zaro manfaatli hamkorligining zamonaviy shakllarini ishlab chiqish va joriy etish davlat boshqaruvida 2017-yilda boshlangan islohotlarning bir qismidir. Ushbu vaqt davomida hukumat maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash va kommunal xo‘jalik kabi sohalarda davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni ishlab chiqdi.

Ijtimoiy muhim loyihalarni birga amalga oshirishda hokimiyat va biznes sherikchiligining asosiy mazmuni nimadan iborat? Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun respublika hukumati qanday tashabbus va loyihalarni ilgari surmoqda?

1Davlat-xususiy sheriklik nimadan iborat?

Hokimiyat va xususiy biznes hamkorligining eng oddiy ko‘rinishdagi sxemasi quyidagicha:

  • davlat ijtimoiy infratuzilma obyektini (masalan, klinika, yo‘l, bog‘cha, maktab va h.) qurish yoki modernizatsiya qilishni rejalashtirayotganini e’lon qiladi va sarmoyadorlarni tenderga taklif etadi.
  • Tanlovda g‘olib bo‘lgan xususiy kompaniya loyihani moliyalashtiradi (kapitalni jalb qiladi), inshootni quradi (yoki modernizatsiya qiladi) va butun hayotiy sikl davomida ushbu obyektni boshqaradi.
  • Davlat va xususiy kompaniya o‘rtasida tuzilgan shartnoma muddati yakunida undagi shartlarga ko‘ra obyekt yo davlatga topshiriladi, yo xususiy kompaniya qo‘lida qoladi. Davlat o‘z navbatida xususiy sherikning barcha xarajatlari, kredit foizlari va daromadlarini o‘z ichiga olgan oylik unitar to‘lovlarni amalga oshiradi.

Davlat-xususiy sheriklik eng avvalo davlat va biznesning infratuzilmalarni tashkil etish hamda ijtimoiy jihatdan muhim xizmatlarni ko‘rsatishda moliyaviy, texnologik va boshqaruv resurslarining birlashuvidir. Bunday hamkorlikda munosabatlar davlat va xususiy kompaniyalar kooperatsiyasi singari barpo etiladi. Ayni damda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi shartnomada ishtirokchilar o‘rtasida xavflarning bo‘linishi aniq va ravshan qilib ko‘rsatilishi shart va muhimdir. Ushbu shakldagi munosabatlarga davlat organlarining vakolatlari aniq bayon etilgan qonunchilik bazasi kerak.

2Davlat-xususiy sheriklikning rivojlanishi tarixidan

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, davlat xususiy tadbirkorlar bilan deyarli barcha davrlarda hamkorlik qilgan yoki kooperatsiyada bo‘lgan. O‘rta asrlarga kelib, hokimiyat va xususiy shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar huquqiy shaklga ega bo‘ldi. Xristofor Kolumbning 1492-yildan 1504-yilgacha bo‘lgan ekspeditsiyalari ana shunday shakldagi hamkorlikning yorqin misolidir. Qirollik Xristofor Kolumbga don unvonini taqdim etadi. U safarni muvaffaqiyatli yakunlasa, egallagan yerlarini boshqarish va u yerlarning foydali qazilmalaridan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan. 1491-yilda tuzilgan shartnomaga ko‘ra Kolumb xarajatlarning sakkizdan bir qismini o‘z bo‘yniga olgan. Tuzilgan shartnomaning moliyaviy natijasi quyidagicha taqsimlangan: olib kelingan tovarlar va tabiiy resurslarning 90 foizi hukumatga o‘tgan, 10 foizi esa sarflangan xarajatlardan tashqari Xristofor Kolumb hisobiga o‘tgan.

Insoniyatning yangi tarixiy davrida hokimiyat va xususiy tadbirkorlarning hamkorligi tobora oshib bordi, shunga yarasha qo‘shma infratuzilma loyihalari soni ham ancha ko‘paydi. Suvaysh va Panama kanallari loyihasi ular orasidagi eng yirigi hisoblanadi. 1855-yilda “Suvaysh kanalining umumiy kompaniyasi” xususiy korxonasi Misr vitse-qirolidan Qizil va O‘rta dengizni birlashtiruvchi Suvaysh kanalini qurish uchun konsessiyani amalga oshirish huquqini oladi. Kompaniya aksiyalarining 44 foizi Misr hukumatiga, 53 foizi Fransiyaga tegadi, qolgan 3 foiz aksiyalarni boshqa mamlakatlar xarid qiladi. Konsessiya shartlariga ko‘ra loyihadan olingan daromad quyidagicha taqsimlanishi ko‘zda tutiladi: aksiyadorlarga foydaning 75 foizi, Misr hukumatiga 15 foizi, kompaniya asoschilariga esa qolgan 10 foizi. Qurilish ishlari 11 yildan so‘ng yakunlanadi va kanal kemalar qatnovi uchun 1869-yil noyabrda ochiladi. Hozirgi kunda kanal ekspluatatsiyasidan olingan mablag‘lar Misr g‘aznasiga tushadigan valyutaning salmoqli ulushini tashkil etadi.

Parijdagi mashhur Eyfel minorasining qurilishi konsessiyaga yana bir yorqin misol bo‘la oladi. 1887-yilda Aleksandr Gyustav Eyfel Parij shahri munitsipaliteti bilan shartnoma tuzadi. Unga ko‘ra minora 25 yil foydalanish sharti bilan ijara huquqi asosida unga taqdim etiladi. Shuningdek, 1,5 mln oltin frank miqdorida subsidiya to‘lash ham ko‘zda tutiladi. Bu minorani qurish xarajatlarining 25 foiziga teng edi. Minora ekspluatatsiya vaqtida ekskursiyalar, liftlarga chiqish uchun sotilgan chiptalar, suvenir sotish huquqini berish, restoranlar ijarasidan tushgan pul hisobiga o‘z xarajatlarini oqladi.

3Bugungi kundagi davlat-xususiy sherikligi

So‘nggi 30 yilda 130 dan ortiq mamlakatda davlat-xususiy sheriklik mexanizmi faol joriy etilayotgani kuzatilmoqda. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, mazkur mexanizm yordamida infratuzilma loyihalariga xususiy investitsiyalarning qariyb 15-20 foizi jalb qilinayapti.

Yevropada davlat-xususiy sherikligini joriy etish bo‘yicha Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya asosiy yetakchilar hisoblanadi. Umuman olganda, Yevropa ittifoqi bo‘yicha 2010-yildan 2016-yilga qadar umumiy qiymati 111 mlrd. yevro miqdorida 541 ta davlat-xususiy sheriklik loyihasi amalga oshirildi. Bunda ta’lim (156 ta loyiha) va transport (111 ta loyiha) sektorlari davlat-xususiy sheriklik loyihalaridagi ustuvor tarmoqlardan bo‘lgan.

4O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha asosiy tashabbuslar

O‘zbekistonda so‘nggi 25 yilda amalga oshirilgan davlat-xususiy sherikligining turli shakllari asosan iqtisodiyotning ayrim sektorlarigagina tegishli bo‘ldi. Bunday loyihalar ko‘proq neft-gaz va kon sanoatida amalga oshirildi. Bu mazkur sektorlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar iqtisodiyotning boshqa sohalariga nisbatan xavfsizroq deb hisoblanishi bilan bog‘liqdir. Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim mineral resurslar bilan bog‘liq sektorlarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda davlat-xususiy sherikligining eng ko‘p qo‘llangan shakllaridan biridir.

Davlat va biznes o‘rtasidagi hamkorlikda yagona huquqiy mexanizm mavjud emasligi respublikada davlat-xususiy sherikligi yaxshi rivojlanmaganining asosiy sabablaridan biridir.

O‘zbekistonda xususiy sektorni ijtimoiy, transport va kommunikatsiya infratuzilmasi qurilishi va modernizatsiyasiga jalb qilish uchun chora-tadbirlar va mexanizmlarni faol joriy etish 2017-yilda boshlandi.

Davlat-xususiy sherikligining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish yo‘nalishlaridan biri deb belgilangan edi.

5DXSh tizimida xususiy hamkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish chora-tadbirlari

Maktabgacha ta’lim:

  • yer uchastkalarini 30 yildan kam bo‘lmagan muddatga beg‘araz asosda taqdim qilish;
  • bo‘sh turgan davlat mulki ob’yektlarini “nol” xarid qiymatida xususiy hamkorlarga sotish;
  • 15 yilga yillik 1 foiz stavka bilan imtiyozli kredit berish, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan;
  • xususiy hamkorlarni barcha turdagi soliq va davlat jamg‘armalariga ajratmalar to‘lashdan 10 yil muddatga ozod qilish;
  • yagona ijtimoiy to‘lovni 10 yil muddatga 5 foizgacha pasaytirish;
  • bolalar bog‘chasi ehtiyojlari uchun olib kelinadigan asbob-uskuna va inventarlarni bojxona to‘lovlaridan 2 yil muddatga ozod qilish.

Sog‘liqni saqlash:

  • investitsiyalar umumiy hajmining 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, yillik 6 foiz stavkasi bilan 8 yilgacha imtiyozli kreditlash.

Suv ta’minoti va oqova suvlarni boshqarish:

  • barcha turdagi soliq va majburiy to‘lovlarni (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) to‘lashdan 3 yil muddatga ozod qilish;
  • import qilinadigan asbob-uskunalar, buyumlar, ehtiyot qismlar va materiallar uchun bojxona to‘lovlaridan 3 yil muddatga ozod qilish.

6DXShni rivojlantirish uchun maxsus agentlik

Moliya vazirligi huzuridagi davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul etib tayinlandi. Ushbu agentlik respublikada davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha siyosatni belgilaydi, loyihalarni ko‘rib chiqadi, tarmoq vazirliklari bilan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi tender hujjatlari va shartnomalarni muvofiqlashtiradi, tenderlarni ishlab chiqish, o‘tkazish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish yuzasidan yordam beradi. Osiyo taraqqiyoti banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Islom taraqqiyoti banki va Jahon banki loyihalarda maslahatchi (konsultant) sifatida ishtirok etmoqda.

7Qariyb yarim asrga teng sheriklik

“Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunda hamkorlikning ushbu turiga “davlat organlari va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun o‘z resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi” deb tavsif berilgan. Davlat boshqaruvi organlari, jumladan joylardagi ijro organlari davlat nomidan sherik, mahalliy va xorijiy investorlar esa xususiy sherik sifatida qatnashadi.

Davlat va xususiy sherikning qonun oldida tengligi, sheriklikni amalga oshirish jarayonida qoidalar va prinsiplar shaffofligi, xususiy sektorni tanlab olishda musobaqalashuv va xolislik, kamsitish va korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmasligi davlat-xususiy sherikligining asosiy prinsiplaridir. O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma 3 yildan 49 yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilishi mumkin.

8Davlat-xususiy sherikchilik bo‘yicha 2019 yilda ishlab chiqiladigan loyihalar

Transport:

  • 4 ta avtovokzal qurish;
  • Navoiy viloyatida 27 km uzunlikdagi yangi avtomogistral qurish;
  • mintaqaviy aeroportlar modernizatsiyasi;
  • Toshkent xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish;
  • Toshkent – Andijon pulli avtoyo‘lini qurish;
  • Toshkent – Samarqand pulli avtoyo‘lini kompaniyalar (Turkiya) konsorsiumi bilan qurish.

Sog‘liqni saqlash:

  • 2700 bemor uchun gemodializ ambulatoriya markazlari tarmog‘ini yaratish va foydalanishga topshirish.

Energetika:

  • Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va foydalanishga topshirish;
  • Samarqand viloyatida quvvati 200 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish va foydalanishga topshirish;
  • Toshkent viloyatida IES qurish/modernizatsiya qilish;
  • Toshkent viloyatida “Cengiz Enerji Sanayii ve Ticaret A.S” (Turkiya) kompaniyasi bilan elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi bug‘-gaz moslamalarini qurish;
  • Surxondaryo viloyatida “Yildirim Enerji Holding A.S” (Turkiya) kompaniyasi bilan elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi bug‘-gaz moslamalarini qurish.

Ta’lim:

  • Toshkent shahridagi 4 ta umumta’lim maktabini ishonchli boshqaruvga o‘tkazish.

Suv ta’minoti va kanalizatsiya:

  • Samarqand, Buxoro, Qarshi va Namangan viloyatlarining 4 ta yirik shahrida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini boshqaruvga berish;
  • Toshkent shahridagi issiqlik ta’minoti tizimlarini boshqaruvga berish;
  • Toshkent shahridagi gaz ta’minoti tizimlarini boshqaruvga berish;
  • Toshkent shahridagi elektr energiyasini taqsimlash tarmog‘ini boshqaruvga berish;
  • Toshkent shahrida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini modernizatsiya qilish;
  • maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish (Toshkent shahri va Toshkent viloyati).