Darsliklarning sifatini oshirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida Darsliklar ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

Darsliklar bilan shug‘ullanadigan butun boshli institutni tuzish maktab darsliklari sohasida sodir bo‘layotgan "kichik inqilob"ning mantiqiy davomidir. Xalq ta’limi tizimida darsliklar muammosi eng og‘riqli nuqtalardan biri hisoblanadi. Mustaqillik davrida yaratilgan darsliklarda turli qo‘pol xatolar ko‘payib ketgan. Aksariyat darsliklar ma’nan eskirgan bo‘lib, o‘quvchilarda tahlil qilish, bilimlarni mustaqil o‘zlashtirish, amaliyotda qo‘llanadigan hayotiy malaka va ko‘nikmalarni shakllantirmaydi.

Bu muammolarni hal etish maqsadida XTV avvalroq maktablarda muqobil darsliklardan ham ta’lim berishga ruxsat bergan edi. Shuningdek, vazirlik Xon akademiyasi elektron platformasini o‘zbek tiliga moslashtirish va kelgusida uni maktablarda ommalashtirishni rejalashtirayapti.

Endi esa XTV mazkur tizimni tubdan takomillashtirishni taklif etmoqda.

XTVga ko‘ra Darsliklar instituti maktab va maktabdan tashqari ta’lim sohasidagi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni o‘rganish, yaratish hamda ularni ta’lim tizimida qo‘llash bo‘yicha xulosa beruvchi yagona ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘ladi.

Institut ilmiy asoslangan yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi.

Shu bilan birga, institut bolalarning turli yosh guruhi, psixologik o‘ziga xosligini e’tiborga olgan holda yangi avlod darsliklari, o‘quv-metodik majmualar, shuningdek, ta’limiy axborot vositalarini takomillashtirishda xorijiy tajribani o‘rganadi, yosh olimlarning stajirovkalarini tashkil etadi.

Institutda yosh mualliflar maktabi ham yaratiladi.