“Chorvoq” erkin turistik zonasi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari uchun yozgi sport-sog‘lomlashtirish oromgohi, shuningdek, Ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi va “O‘qituvchi” ilmiy-uslubiy nashriyot markazi xodimlari uchun dam olish maskani quriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 9-sentyabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmonda Toshkent viloyati hokimligi va “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi”ga DUK Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda yozgi sport-sog‘lomlashtirish oromgohi va dam olish zonasi qurilishi uchun qulay tabiiy sharoitlarga ega yer maydonini ajratish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etilgan va u Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun yoshlarni tanlash, o‘qitish va tarbiyalash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishi belgilangan edi.

Prezident farmoniga ko‘ra, quyidagilar Agentlikning idoraviy bo‘ysunuviga o‘tkazilgan:

– Prezident maktablari;
– ijod maktablari;
– Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab;
– Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati;
– Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati.

Farmonda “O‘qituvchi” ilmiy-uslubiy nashriyot markazi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun darsliklar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni tayyorlash va nashr etish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirishi belgilangan edi.