Yaqinda Turkiyadan qaytayotgan shoir va jurnalist Mahmud Rajabga JKning 246-moddasi (Kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. IIV tarqatgan xabarda aytilishicha, «jinoyat ishiga 2019-yilning 26-mart kuni “Toshkent” aeroportida ko‘zdan kechirilgan Mahmud Rajabning qora rangli sumkasidan chiqqan 26 dona kitob, bir dona “Mi 5+” rusumli uyali telefon apparati va undagi yozuvlar sabab bo‘lgan».

May oyida Guanchjouga kelayotgan o‘zbekistonliklar telefonining ichi tekshirilayotgani haqida ham ma’lumotlar tarqaldi. Xitoy chegarachilari "kompromatni" topsa, mamlakatga kirishni taqiqlashi ehtimoldan xoli emas.

Aslida o‘zbekistonliklar bu kabi tekshiruvlarga nafaqat Xitoyda, Turkiya, Rossiya yoki AQSH kabi davlatlarda ham duch kelishi mumkin.

1Faqat telefonlarni ko‘rishadimi?

Yo‘q. Noutbuk, planshet, tashqi qattiq disk, fleshka – ichida ma’lumot saqlanadigan istalgan turdagi elektron qurilmalar tekshirilishi mumkin.

2Chegarachilar undan nimani qidirishadi?

Har xil narsalarni. O‘zbekistonda telefonni chegarachilar emas, bojxona xodimlari tekshirish huquqiga ega. Ular chetdan kirib kelayotganlarning telefonlaridan asosan pornografik va diniy materiallarni qidirishadi.

3Telefon kodlangan bo‘lsa-chi?

Bu organ xodimlarining niyatiga xalal berolmaydi. Sizdan telefonni koddan chiqarib berishni so‘rashadi. Rad etsangiz, qurilmani olib qo‘yishadi va ichidagi bor ma’lumotni maxsus vositalar yordamida ko‘chirib olishadi. Davlat chegarasidan quyidagilarni olib kirish taqiqlangan:

  • davlat va jamoat tuzumiga putur yetkazadigan,
  • hududiy yaxlitlik, siyosiy mustaqillik va davlat suverenitetini buzadigan,
  • urush, terrorizm, zo‘ravonlik,
  • pornografik xarakterga ega,
  • milliy ustunlik va diniy nafrat,
  • irqchilik va uning boshqa turlari (antisemitizm, fashizm) targ‘ib qilingan bosma asarlar, qo‘lyozmalar, rasmlar, fotosuratlar, kino, video va audiomahsulotlar, ovozli materiallar.

4Telefonga parol qo‘ysam-chi?

Bu yordam bermaydi. Telefonni o‘zingiz ochib berishingizni so‘rashadi. Rad etsangiz, uni musodara qilib, maxsus jihozlar orqali blokdan chiqarib, ma’lumotlardan nusxa ko‘chirib olishlari mumkin.

Cellebrite turidagi maxsus jihoz hatto xotiradan o‘chirilgan ma’lumotlarni ham ko‘rsatadi.

5Shaxsiy ma’lumotlarni ko‘rsatishni istamasangiz...

...telefon, noutbuklarni safarga o‘zingiz bilan olib ketmang. Sayohatga chiqishdan oldin telefon yoki noutbukingizdan shaxsiy va boshqa ma’lumotlarni o‘chirib yuboring (albatta, nusxasini boshqa joyga saqlab qo‘ying). Yoki safar uchun alohida yangi telefon va noutbuk sotib oling.

6Menga telefondagi ma’lumotlarim kerak deysizmi?

U holda kerakli ma’lumotlarni "bulutda" saqlang. Yashirmoqchi bo‘lgan ma’lumotlaringizni o‘sha yerga yuklab oling. Yoki bulutga zaxira nusxasini ko‘chirib, keyin qurilmangizni tiklab bo‘lmaydigan qilib tozalab tashlang. Chegaradan o‘tgach, hammasini joyiga qaytarib olasiz.

7Paranoik bo‘lib, bulutlarga ishonmasam-chi?

Sizdaylar uchun kriptograflar ma’lumotlarni shifrlashning maxsus usulini o‘ylab topishgan.