O‘zbekcha IELTS bo‘lmish CEFRda B2 darajasiga ega abituriyentlar OTMga kirish imtihonlaridagi shu fan bo‘yicha testdan ozod qilinadi. Bu haqda Davlat test markazi Chet tillarini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi boshlig‘i Sardor Rajabov "Minbar"ga ma’lum qildi.

"Asosiy imtihoni ingliz tili bo‘lgan abituriyentlar CEFR B2 sertifikatiga ega bo‘lishlari kerak. Shundagina chet tili imtihonidan ozod qilinadi", – dedi Sardor Rajabov.

2018-yil dekabrda muhokamaga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, ingliz tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat yo‘nalishlariga hujjat topshirgan CEFR B2ga ega abituriyentlarga shu fandan belgilangan maksimal ball berilib, testdan ozod etiladi. Buning uchun ular CEFR B2 va undan yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishlari kerak.

Ingliz tili birinchi fan bo‘lmagan fan sifatida kiritilgan boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlarga ham maksimal ball berilib, test sinovidan (kasbiy (ijodiy) imtihondan) ozod etiladi. Buning uchun ular CEFR B1 va undan yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishlari kerak.

Magistratura yo‘nalishlarida ham xuddi shunday tartib joriy etiladi.