Prezident maktablariga iqtidorli o‘quvchilarni qabul qilish jarayonini adolatli, ishonchli va shaffof o‘tkazishni Kembrij universitetining mutaxassislari ta’minlaydi.

28 fevral kuni Xalq ta’limi vazirligi hamda Kembrij universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon kengashi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Cambridge Assessment:

  • Prezident maktablarida o‘quvchilarning intellektual salohiyatini ochishga yordam beruvchi o‘quv dasturlarini joriy etishda ko‘maklashadi;
  • maktablar rahbariyati hamda o‘qituvchilari malakalarini xalqaro me’yorlarga muvofiq oshirishda ko‘mak beradi.

Yangi ochilayotgan Prezident maktablariga tanlov nufuzli xorijiy hamkor nazoratida o‘tishini Shavkat Mirziyoyev talab qilgan. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning aytishicha, prezident tomonidan qo‘yilgan eng asosiy va eng qiyin vazifa aynan tanlov jarayonini xolis va to‘g‘ri tashkil qilish bo‘lgan.

“Albatta, zamonaviy bino va o‘quv jihozlari bilan ta’minlash, o‘quv jarayonini yuqori saviyada tashkil etish ham juda muhim vazifadir. Lekin tanlov to‘g‘ri tashkil etilmas ekan, katta mablag‘ sarf qilinadigan bunday ishlarning ham samarasi yuqori bo‘lmasligi aniq”, – deb yozgan edi Sherzod Shermatov.

O‘quvchilar prezident maktablariga, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, faqatgina iqtidori asosida, tanish-bilishsiz tanlab olinishiga ijtimoiy tarmoqlarda odamlar shubha bildirayotgan edi.

1858-yilda tashkil etilgan Cambridge Assessment Kembrij universitetining notijorat kafedrasi hisoblanib, 170 dan ortiq mamlakatdagi 10 000 ta maktabda 8 milliondan ziyod o‘quvchining bilimini baholashda ko‘mak beradi. Kompaniyaning tajribasi Oxford, Stanford, Harvard, Yale, Columbia kabi sara universitetlar, Yevropa ittifoqi davlatlari, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa ko‘plab mamlakatlar universitetlari tomonidan tan olingan.