Butun Navoiy viloyati hududi 2030-yilgacha erkin iqtisodiy zona deb e’lon qilindi. Prezidentning bu haqdagi farmoni bugun imzolandi. Minbar manbalari aytishicha, mamlakatda biznes muhitini yaxshilashga qaratilgan erkin iqtisodiy zonalar haqidagi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Nega erkin iqtisodiy zona maqomi butun Navoiy viloyatiga tatbiq etilmoqda: hukumat nuqtai nazaridan bu qadam viloyatda yuqori texnologiyalarga asoslangan sanoat va mineral xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish orqali ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga imkon beradi. Hududlar rivojlanishi bilan birga yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqariladi. Buning uchun xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etishga qulay sharoitlar kerak.

Investorlar nuqtai nazaridan bu ishlab chiqarishni iste’molchiga yaqinlashtiradi. EIZ ishtirokchilari bojlarni kamroq to‘laydi, ma’muriy to‘siqlarga kamroq duch keladi.

Hujjatda nima deyilgan: quyidagilar Navoiy viloyatini erkin iqtisodiy zona sifatida rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • innovatsion faoliyatni rivojlantirish, shuningdek yuqori texnologiyali korxonalarni yaratish va ilg‘or tajribalarni joriy qilish;
  • eksportbop va import o‘rnini bosuvchi yuksak qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalar tashkil qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish;
  • Navoiy viloyatining ishlab chiqarish salohiyati va resurslaridan kompleks va samarali foydalanilishini ta’minlash;
  • mahalliy xomashyo va materiallar bazasida kimyoviy mahsulotlar va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi, toshni qayta ishlovchi va sanoatning boshqa yo‘nalishlaridagi klasterlarni tashkil etish;
  • qimmatbaho toshlar va metallarni qayta ishlash sohasida yangi va zamonaviy korxonalarni tashkil etish, shuningdek zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasiga innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
  • viloyat korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish orqali yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kuchaytirish;
  • viloyat korxonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish orqali yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kuchaytirish.

Ushbu EIZ 2030-yilgacha faoliyat ko‘rsatadi, bu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin, bu vaqt davomida bu yerda alohida soliq va boj imtiyozlari amal qiladi. Navoiy EIZda faoliyat yuritayotgan korxonalar yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va boshqa soliq va bojlardan ozod etiladi.

Bu imtiyozlar kiritilgan investitsiyaga qarab:

  • $300 mingdan $3 mln.gacha – 3 yilgacha;
  • $3 mln.dan $5 mln.gacha – 5 yilgacha;
  • $5 mln.dan $10 mln.gacha – 7 yilgacha;
  • $10 mln.dan yuqori – 10 yilga beriladi, keyingi 5 yilda esa foyda solig‘i va yagona soliq to‘lovi 50 foiz kamaytirilgan stavkada undiriladi.