O‘zbekiston cavdo-canoat palatasidagi proteksionizm va lobbistlar mavzusidagi muhokama yanada ko‘proq bahsu munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Bu bahsu munozaralardan keyin O‘zbekiston uchun muhimi nima: mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bilan turli sohalarda yangi ish o‘rinlari barpo etish, ichki bozorni O‘zbekistonning o‘z tovarlari bilan to‘ldirishga e’tibor qaratish kerakmi yoxud proteksionizmdan voz kechib, Jahon savdo tashkilotiga kirish tomon yurish, mahalliy bizneslarni hozirdan shafqatsiz bozor sharoitiga ko‘niktirish degan savolga aniqroq javob topish osonlashadiganga o‘xshaydi.

Toshkentda Savdo-sanoat palatasi tashkil qilgan uchrashuvda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining muammolarini "to‘kib solganlari" haqida gazeta.uz batafsil maqola e’lon qildi.

  1. Uchrashuvda sut, moy, pishloq, kolbasa ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar, qandolatchilik, to‘qimachilik, mebel va yuk ko‘tarish texnikasi bilan mashg‘ul ishbilarmonlar qatnashganlar.
  2. Uchrashuvda import bojlari pasaytirilishining mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga ta’siri, Bojxona ittifoqiga a’zo mamlakatlarga O‘zbekistondan sut va go‘sht mahsulotlari olib chiqish imkonsiz ekani, birjadagi narx-navo va bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratilmagani singari qator muammolar tilga olingan.

"Savdo-sanoat palatasining raisi Adham Ikromov xorijiy kompaniyalar bilan raqobatdan noligan Kippers bolalar tagliklarini ishlab chiqaradigan Navruz kompaniyasi xatini o‘qib berdi.

’Pampers, Libero, Huggies kabi taniqli savdo belgilari mahsulotlari MDH mamlakatlari orqali import qilinishi munosabati bilan 10 foiz miqdorida belgilangan import boji to‘lanmayapti, bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchining savdosi qisqarishiga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan import qilinayotgan mahsulotlarga bojxona qiymatidan 10-15 foiz miqdorida aksiz boji joriy etish taklif etiladi.

Mahalliy gulqog‘oz yelimi ishlab chiqaruvchi korxona yuqori sifatli mahsulotga ega bo‘lgani holda bozorning xorijiy brendlar bilan to‘ldirib tashlangani muammosiga duch kelganidan noroziligini bildirgan. Kompaniya yelim sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan mahsulotlarga 15 foiz miqdorida aksiz stavkasi belgilashni taklif qilgan.

Polifleks poligrafiya korxonasi British American Tobacco (BAT) qadoqni Rossiyadan sotib olishni boshlaganidan so‘ng ishlab chiqarish hajmining 50 foizini yo‘qotganini ma’lum qildi. Polifleks vakilining ma’lum qilishicha, kompaniya BAT bilan besh yildan beri ishlab kelayotgan edi.

«Endi esa ishlab bo‘lmayapti, chunki Rossiyadagi eng katta fabrika 30 foiz arzon mahsulot taklif qilayapti, chunki ularda aksiz yo‘q, xomashyo arzon, yetkazib berish 50 foiz arzon», – dedi u...

«Adham Ikromov bojlar oshirilsa, mahalliy korxonalar narxlarni oshirib olmaydimi degan savol bilan murojaat qildi. Muhammadjon Oripov (Bio-Sut qo‘shma korxonasi rahbari) u holda sut mahsulotlari uchun QQSni 10 foizgacha pasaytirish kerakligini aytdi», – deyiladi gazeta.uz veb-saytida e’lon qilingan "Proteksionizm vs. erkin savdo: tadbirkorlar bojlarni oshirishni so‘ramoqda» sarlavhali maqolada.

O‘zbekistonlik taniqli bloger Muhrim ushbu maqolaga munosabatlarni o‘zining telegram-kanalida e’lon qildi:

«Huggies Rossiyada ishlab chiqariladi. 4 razmerdagisining kelib tushish narxi 900 so‘mga to‘g‘ri keladi, import bilan birga narxi shunaqa. Kippers ichki bozorga 1550 so‘mdan sotadi. Lekin sifat tomonlama "Huggies"ga choy quyib beradi. Nega endi iste’molchi ham qimmat, ham nisbatan sifati pastroq tovar olishi kerak?».

Boshqa mushtariy yana bir qiziq fikr bildirgan:

«Import tayyor mahsulot uchun bojlarni oshirishni so‘ramasdan, import xomashyo uchun bojlarni bekor qilishni so‘rasa bo‘lmaydimi jonkuyar vatanparvarlarimiz?».

Iqtisodiyotchi Botir Qobilov yozayapti:

«...Avvalgi xatolarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, proteksionizm (mahalliy ishlab chiqaruvchilar, ichki bozorni himoya qilish) – yomon va ishlamaydi. Yana ikki-uch yil proteksionizmga chidab turish haqidagi iltimos esa taksi haydovchisi yoki bozordagi sotuvchining "ozgina qo‘shing" deganidan ham yomonroq».

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning fikrlari:

«Bilasizmi-yo‘qmi, lekin bizda juda ko‘p iqtisodiyot tarmoqlarini vaqtincha himoya qilish Karimov hukumati davrida mashhur chora edi. Ya’ni, "o‘zbek avtomobillari ham kelajakda raqobatbardosh bo‘ladi, bu himoya vaqtinchalik chora" deyishgan edi. Tariximizning deyarli proteksionist qarorlari "vaqtinchalik" edi. O‘xshamadi-ku».

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar yomon ko‘radigan Zafar Hoshimovning fikrlari (ular Hoshimovni chaqirmay, uning orqasidan rosa gapirishganidan «Korzinka.uz»ning asoschisi va egasi unchalik ham xursand emas):

«Ha, biz xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotlar importi va distributsiyasi bilan shug‘ullanamiz, ammo bu biznesimizning bor-yo‘g‘i 20 foizini tashkil etadi. Savdolarimizning 80 foizini mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari tashkil etadi va shu jihatdan siz, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz, barcha kamchiliklarda boshqalarni ayblashdek bolalar kasalligidan tezroq davolanishingiz juda muhim ahamiyatga ega...

Davlatdan himoya etish talabi bilan qilayotgan ishingiz o‘z iste’molchilaringizga o‘z mahsulotingizni zo‘rlik ishlatib, ularning xohishiga zid o‘laroq, katta tariflar orqali tiqishtirishdan boshqa narsa emas. Bu ularning cho‘ntaklariga bozor metodlari emas, balki ochiqchasiga ma’muriy yo‘llar bilan yanada chuqurroq kirib olish istagidan boshqa narsa emas».

Kun.uz taniqli jurnalist Karim Bahriyevning"Monopollar, proteksionizm va lobbistlar parvozi. Iqtisodiyotdagi ofatlar haqida" deb nomlangan maqolasini e’lon qildi.

«...davlatdan imtiyozlar undirishning o‘zi alohida biznesga va korrupsiya sxemasiga aylanadi. Lobbistlar davlatni shantaj qiladi: agar mahalliy ishlab chiqaruvchi himoya qilinmasa, "ishchi o‘rinlari yo‘q bo‘ladi", "ishsizlik ko‘payadi", "korxona bankrot bo‘ladi", "olgan kreditlar va kiritilgan sarmoyalar qaytarilishi kerak", "g‘alla mustaqilligi", "sanoat xavfsizligi" lozim va hokazo.

"Milliy ishlab chiqaruvchini himoya qilish" niqobidagi proteksionizm bozor iqtisodining asoslariga putur yetkazadi va uning ne’matlarini yo‘qqa chiqaradi: sifatli chet el mahsulotiga import tariflarini oshirish orqali xalqni "o‘zimizniki" bo‘lgan sifatsiz mahsulotni qimmatga olishga majburlash nafaqat noinsoniylik, balki xalqni qashshoqlashtirish va bu orqali xarid qobiliyatini pasaytirishning sababidir, bu boji oshirilgan chet el mahsuloti ham, ichki mahsulot ham qimmatlashuviga olib keladi. Aholining daromadi pasayadi, import boji oshishi mahsulotni qonuniy olib kirishni norentabel qilgani uchun kontrabandani ko‘paytiradi, mahsulotiga boj oshirilgan davlatlar bilan munosabatga raxna soladi va bizga javoban shunga monand choralar ko‘rilishiga olib keladi.

Monopolistlar iqtisodni isloh qilishga qarshi turgan, real bozor iqtisodi joriy etilishiga monelik qilayotgan bir mamlakatda monopoliyaga qarshi qo‘mita va idoralar bormi, bor bo‘lsa ular nima bilan mashg‘ul ekanini bilishni istaydi inson.

Islohotlarga ishonch tuman ichiga botib bormoqda. Yana "o‘zimizga xos-o‘zimizga mos taraqqiyot yo‘li" boshlanmasin. Umidlarimiz bor», – deb yozadi Karim Bahriyev.