2019-2020 o‘quv yili uchun 37 mlnga yaqin darsliklar yangidan chop etilganligi bois, ijarasi ozgina oshdi. Bu o‘sish faqatgina 3-, 8- va 9-sinflar uchun taaluqli, qolgan sinflar darsliklarining ijara narxi o‘zgarmagan va hattoki ba’zi sinflar uchun ijara to‘lovi miqdorlari kamaygan.

Bu yilgi 3-, 8- va 9-sinflar darsliklar ijarasi o‘tgan yillarida belgilangan miqdorlarga nisbatan 12 ming so‘mdan (3-sinflar uchun) 32 minggacha (8- va 9-sinflar uchun) o‘sgan.

Narxning o‘sishining asosiy sabablari darsliklarni chop etish va yetkazib berish narxlarining o‘sishidir:

  • 8- va 9-sinf darslik to‘plamlari (16-17 ta darsliklardan iborat) so‘nggi bor 2014 yilda chop etilgan bo‘lib, o‘sha yildagiga nisbatan o‘rtacha bir dona darslikning tannarxi 3,4-3,8 barobarga o‘sgan.
  • 3-sinf darslik to‘plamlari (10-11 ta darsliklardan iborat) esa oxirgi marta 2016 yilda chop etilgan tannarxlarga nisbatan 2,6 barobarga oshgan.

Agarda ushbu darsliklarni erkin savdoda sotib olmoqchi bo‘lsangiz, misol uchun, 2019-2020 o‘quv yiliga yangidan chop etilgan o‘zbek tilidagi 8-sinf o‘quvchilari uchun belgilangan 16 ta darslikni 140 ming so‘mga olasiz. Ijara narxi esa 41 ming so‘m.

Ba’zi sinflar uchun ijara to‘lovi miqdorlari kamaygan. Narxlar o‘tgan o‘quv yillarida chop etilgan hamda foydalanish muddatlari tugamagan darslik, mashq daftarlarining tillar va sinflar kesimida belgilangan ijara to‘lovi miqdorlari qayta hisob-kitob qilinib, sinflar kesimida tenglashtirilishi natijasida pasaygan. Misol uchun, 2- va 11-sinflar uchun ijara to‘lovi miqdorlari o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan mos ravishda 3700 va 7100 so‘mga kamaygan.

2001 yildan boshlab maktablarda darsliklarining ijara tizimi joriy qilingan.

Maktabdagi darsliklar to‘plami uchun ijara to‘lovi 30 sentyabrgacha to‘liq hajmda to‘lanadi.

  • O‘quvchilarning ota-onalari pul mablag‘larining vaqtinchalik yo‘qligi sababli, ijara to‘lovi muddatini uzaytirish to‘g‘risida umumta’lim maktabi ma’muriyatiga murojaat qilishi mumkin.

Ijara to‘lovi muddati uzaytirilgan taqdirda, mazkur to‘lovning 50 foizi 30 sentyabrgacha, qolgan qismi esa 30 noyabrgacha to‘lanishi lozim.

«Mehribonlik» uylari, maxsus maktab va maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari hamda ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardagi o‘quvchilar darsliklar to‘plami bilan bepul ta’minlanadi.