Bu yil o‘quvchilarni o‘tgan yillardagidan farqli “Prezident sovg‘asi” kutmoqda. Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2019-yili 1-sinf o‘quvchilari uchun beriladigan “Prezident sovg‘asi” tarkibidagi mahsulotlarning sifatiga katta ahamiyat berilgan.

“Prezident sovg‘asi”dan 12 turdagi o‘quv qurollari o‘rin olgan. Jumladan, portfel, 2 xil chiziqdagi 12 dona daftar, qalamdon, rasm daftari, rangli qog‘oz, sharikli ruchka, akvarel bo‘yoqlari, rangli qalamlar jamlanmasi, yelim, oddiy qalamlar va o‘chirg‘ich yangi o‘quv yilining ilk kuni 1-sinf o‘quvchilariga topshiriladi.

“Prezident sovg‘asi” bolajonlar qo‘liga yetib borishi, ularga ko‘p vaqt xizmat qilishi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tizimiga kiruvchi “O‘quv ta’lim-ta’minot” Davlat unitar korxonasi zimmasiga yuklatilgan. “O‘quv ta’lim-ta’minot” Davlat unitar korxonasi tomonidan har yili Prezident sovg‘asi sifatida 1-sinf o‘quvchilari uchun beriladigan 12 turdagi o‘quv qurollaridan tashqari, barcha ta’lim muassasalariga darslik, o‘quv-uslubiy qo‘llanma va badiiy adabiyotlar, shuningdek, ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun maktab mebellari, o‘quv laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, sport anjomlari va boshqa tovar-moddiy boyliklari Xalq ta’limi vazirligi taqsimotlariga asosan yetkazib berilmoqda”, deyiladi XTV xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 4-sentyabr kuni 627 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz 1-sinfda, bundan tashqari, imkoniyati cheklangan 13 ming nafar bola o‘z uyida ta’lim olishni boshlaydi.