Samarasiz neft-gaz tarmog‘ida ahiri islohotlar boshlandi. Shavkat Mirziyoyev 9-iyulda neft-gaz tarmog‘ini tubdan isloh qilishga qaratilgan muhim qarorni imzoladi. Gaz monopolisti “O‘zbekneftgaz” AJ uchga bo‘lindi.

Bu sohani nega allaqachon isloh qilish kerak edi: “O‘zbekneftgaz” qishki mavsumda “Lukoyl”dan O‘zbekistonda qazib chiqarilgan gazni jahon bozori narxi – 146 dollardan sotib olib, ichki iste’molchilarga 40 dollardan yetkazib bergani ortidan «Lukoyl» kompaniyasidan 600 mln dollar miqdorida qarz bo‘lib qolgan edi. Bu va viloyatlarni gaz bilan ta’minlashdagi doimiy tus olgan muammolar so‘nggi yillarda yoqilg‘i-energetika tarmog‘i tanazzulga uchraganidan dalolat beradi. Bu sohadagi geologiya qidiruv ishlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va narxlarni shakllantirish ishlarining samarasizligi iqtisodiyot va aholining energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlanmasligiga, neft-gaz tarmog‘i korxonalari moliyaviy holatining yomonlashuviga olib keldi.

  • So‘nggi 20 yilda tabiiy gaz qazib olish hajmi 8 foiz oshgani holda mamlakat korxonalari tomonidan uni qazib olish hajmi 29 foiz pasaydi.
  • 2008 – 2018-yilda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 4 foiz qisqardi,
  • o‘tgan 5 yil davomida tabiiy gazning tabiiy zaxiralari o‘rnini to‘ldirish bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 70 foizga yaqin bo‘ldi.
  • 2017 – 2018-yillarda moliyaviy mablag‘larning yetishmasligi va moddiy-texnik resurslarning taqchilligi natijasida tabiiy gaz qazib olishning o‘sishi prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 42 foizni tashkil etgan xolos.

Yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi islohotlar nimadan iborat: avvalambor bu sohadagi tartibga solish funksiyasi va tijorat faoliyati ajratildi.

  • Gaz monopolisti “O‘zbekneftgaz” AJ uchga bo‘lindi. Endi “O‘zbekneftgaz” tizimni boshqaradi, tabiiy gazni qazib oladi va qayta ishlaydi, “O‘ztransgaz” gazni yetkazib beradi, “Hududgazta’minot” hududiy gaz taqsimlash tarmoqlarini ekspluatatsiya qiladi va suyultirilgan gazni aholiga sotadi.
  • Gaz taqsimlash tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish va iste’molchilarga tabiiy gazni sotish bilan xususiy operatorlar ham shug‘ullanishi mumkin.
  • “O‘zbekneftgaz”ga “O‘zburg‘uneftgaz” AJ, “O‘zneftgazqazibchiqarish” AJ, “O‘zneftmahsulot” AJ, “O‘zneftgazmash” AJlarni qo‘shish orqali kompaniyaning boshqaruv tizimi takomillashtirildi.
  • “O‘zbekneftgaz” va “O‘ztransgaz” moliyaviy hisobotlari xalqaro standartlarga (IFRS) muvofiq tuziladi va xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilib tashqi audit o‘tkaziladi.
  • “O‘zneftmahsulot”ning fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi 1381 ta avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tadbirkorlarga auksion orqali sotiladi.
  • “O‘zbekneftgaz” tarkibidagi tashkilotlarning 13 ta bozor, savdo va chorvachilik kompleksi ustav kapitalidagi ulushi mahalliy hokimliklarga o‘tkazildi.

Yoqilg‘i sektoridagi uchta kompaniyaning hozirgi bosqichdagi eng muhim vazifasi etib:

  • "O‘zbekneftgaz” AJ uchun – 2024-yilga kelib uglevodorod xomashyosi, shu jumladan, tabiiy gaz qazib olish hajmini 42,3 milliard metr kubga va suyultirilgan gazni 1,5 million tonnaga yetkazish, shu bilan iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ehtiyojlarini to‘liq qondirish va kompaniyaning daromadini orttirish;

  • "O‘ztransgaz” AJ uchun – gaz transport tizimining “zaif” jihatlarini bartaraf etish va uning tranzit salohiyatini rivojlantirish;

  • “Hududgazta’minot” AJ uchun – tabiiy gazni iste’molchilarga yetkazishda yo‘qotishlarni kamaytirish belgilandi.

Qaror aytilishicha, neft-gaz tarmog‘ini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi, uni amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi tuziladi.

Komissiya uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish, gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish choralarini ko‘radi.

Energetika vazirligida neft-gaz tarmog‘ini isloh qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil qilinadi.

Neft-gaz tarmog‘ini isloh qilish bilan birga gaz narxi ham oshadi: O‘zbekistonda energiya resurslariga narxlarni oshirish rejalashtirilgan. 5 iyulda Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektorda energiya resurslari tariflarini optimallashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

"Tariflarini optimallashtirish"ni rasmiy tildan o‘zbek tiliga tarjima qilsak, davlatga tarmoqlarni modernizatsiya qilish, energiya tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash uchun pul kerak. Elektr va gaz resurslariga narxlarni oshirmasdan tarmoqlarning moliyaviy ahvolini yaxshilash va sohaga investitsiyalarni jalb qilish imkonsiz.

Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining raisi Muhamet Jumagaldiyevning ma’lum qilishicha, O‘zbekistondagi gaz va elektr energiyasi tariflari jahondagi va qo‘shni mamlakatlardagiga nisbatan ikki-uch barobar, ayrimlaridan esa besh-olti barobar arzon (bu iddao qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi). "Shuning uchun elektr energiyasi va gaz narxi sekin-asta oshiriladi, jahon mamlakatlaridagi narx bilan tenglashtiriladi", – degan edi deputat.