Yaqin tarixda deyarli hech qachon jurnalistlarni himoyasiga chiqmagan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi (yarim rasmiy idora) Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarining jurnalistga tashlanganini qoralab chiqdi.

"O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Olmazor tumani hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Vahobovni Kun.uz xodimlariga davlat organi xodimiga xos bo‘lmagan tarzda muomalada bo‘lgani, bu bilan cheklanmay, ijodiy jamoa xodimlaridan videotasvirga olmaslikni talab qilib, operatorga tashlangani, tahririyatga tegishli texnik vositani sindirib tashlaganini keskin qoralaydi", – deydi JIU o‘z rasmiy bayonotida.

Bayonotda ta’kidlanishicha, bu kabi illatlar ommaviy axborot vositalari vakillari – jurnalistlar erkin faoliyat yuritishi ta’minlanishiga putur yetkazib, ochiqlik siyosatiga, mamlakatimiz taraqqiyotiga rahna soladi.

Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov qonun oldida javob berishi kerak va shart, deb hisoblaydi JIU.

"Davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zi jurnalist va blogerlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratib turgan bir paytda" JIU Olmazor tumani hokimi o‘rinbosarining bu xatti-harakatini qanday tushunish kerakligidan taajublanmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tegishli idoralar – mazkur masalaga mas’ullardan tezkor choralar ko‘rilishini va bu haqda OAV vakillariga ma’lumot berib borilishini so‘raydi.

Avvalroq bir qator jurnalist va bloggerlar O‘zbekiston jurnalistlar ijodiy uyushmasi mazkur vaziyat bo‘yicha sukut saqlamasdan, o‘z pozitsiyasini qat’iy bayon qilishga chaqirgan edi.