«Bi-bi-si» O‘zbek xizmati 9-iyun kuni Toshkentdagi yirik bozorlardagi narxlarni o‘rgandi. Mirobod va Farhod dehqon bozorlarida ayrim mahsulotlarning narxi bir-biridan keskin farq qilmasligi ko‘zga tashlandi. Biroq bu narxlarni o‘rtacha oylik maosh evaziga kun kechiruvchi oilalar cho‘ntagi ko‘taradimi?

Kuzatuvga ko‘ra yozgi pishiqchilik mavsumi boshlanayotgani sababli aksar birlamchi ehtiyoj oziq-ovqat mahsulotlari bahor mavsumiga qaraganda biroz arzonlashgan.

Ammo arzon-qimmat tushunchasi, moliyaviy sharoitidan kelib chiqib, har bir inson uchun turlicha bo‘lishi mumkin. Har bir mushtariy narxlar borasida o‘zi tasavvur hosil qilishiga imkon yaratish maqsadida quyida Farhod va Mirobod dehqon bozorlaridagi ayrim muhim oziq-ovqat mahsulotlarining 9-iyundagi narxini keltiramiz.

Eslatib o‘tmoq joiz, ba’zi sotuvchilar xarid jarayonida savdolashishga ro‘yxushlik bildirishi mumkin. Shu sababdan quyida keltirilajak narxlar xarid yoki kunlar o‘tishi ortidan biroz o‘zgarishi ehtimoli yo‘q emas.

Mahsulot Farhod dehqon bozori Mirobod dehqon bozori
Go‘sht 43000-50000 so‘m 36000-55000 so‘m
Tovuq go‘shti (butun/kg) 16000 so‘m 17000 so‘m
Kolbasa (kg) 16000-45000 so‘m 22000-53000 so‘m
Tuxum 400-550 so‘m 450-600 so‘m
Uy tuxumi 1300 so‘m 1100-1200 so‘m
Guruch (Alanga, Avangard, Lazer) 6300-13000 so‘m 6500-18500 so‘m
Qozoq uni (oliy nav/kg) 3500 so‘m 3400 so‘m
Shakar 5000 so‘m 5500 so‘m
Pista yog‘i 9000-12000 so‘m 9000-12000 so‘m
Paxta yog‘i 8000 so‘m 8000 so‘m
Sariyog‘ (200/500 gr) 4000-23000 so‘m 4000-50500 so‘m
Kartoshka 800-3000 so‘m 2500-4000 so‘m
Piyoz 3000 so‘m 2500-4000 so‘m
Sabzi 3000 so‘m 5000 so‘m
Pomidor 4000-6000 so‘m 7000-9000 so‘m
Bodring 2000 so‘m 4000 so‘m
Baqlajon 4000 so‘m 5000 so‘m
Karam (kg) 2000-3000 so‘m 3000 so‘m
Gulkaram (dona) 4000 so‘m 6000 so‘m
Lavlagi 1000 so‘m 3500 so‘m
Mosh 9000-9500 so‘m 9800-10000 so‘m
Qizil loviya 8500 so‘m 7800-9000 so‘m
Oq loviya 9000 so‘m 10500 so‘m
Grechka 6000 so‘m 5500-6000 so‘m
Qovun 15000-20000 so‘m 15000 so‘m
Tarvuz (kg) 3000 so‘m 4000 so‘m
Handalak 10000-15000 so‘m 10000 so‘m
O‘rik 2000-8500 so‘m 10000-15000 so‘m
Olma 8000 so‘m 10000 so‘m
Sholg‘om 4000 so‘m
Gilos 6000 so‘m
Olcha 4000 so‘m

Ko‘rinib turganidek, Mirobod dehqon bozorida biroz qimmatroq, ammo ikki o‘rtadagi narxlar tafovuti u qadar yirik emas.

O‘rtacha oylik maosh evaziga ro‘zg‘or tebratayotgan oilalar uchun yuqoridagi narxlar qanchalik qoniqarli yoki qimmat?

Davlat statistika qo‘mitasining aprel oyida xabar berishicha, 2019-yil yanvar-mart oylarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlar ishchilarining o‘rtacha oylik ish haqi 2049700 so‘m bo‘lgan.

Xabarda respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Navoiy viloyatida (2806300 so‘m) bo‘lsa, Toshkent shahrida 2799500 so‘m, eng quyi ko‘rsatkich esa Namangan viloyatida kuzatilgani (1692200 so‘m) aytiladi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi rasman tarqatilayotgan bunday xabarlarning asl vaziyatga mos kelmasligini ta’kidlayotgan bir paytda, boshqalar bozorlarda narxlar tinimsiz oshib borayotganidan shikoyat qiladi.

Xo‘sh, sizning olayotgan maoshingiz oylik tirikchilikni o‘tkazish va oilangiz farovonligini ta’minlashga qanchalik yetadi? Yuqoridagi narxlar sizni qoniqtiradimi yoki ular haddan ziyod qimmatmi?