Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi va shahar IIBB "huquqbuzarlikka moyil" ayollar ro‘yxatini tuzgan, har bir mahalladagi "ehtimoliy jinoyatchi" xotin-qizlarga 23 ta toifa bo‘yicha kartoteka ochilishi aytilgan edi. Toshkent shahar hokimi bu haqdagi qo‘shma qarorni tasdiqlashga ham ulgurgan.

Tabiiyki, mazkur ro‘yxat ijtimoiy tarmoqlarni "portlatdi". Xotin-qizlar ochiqchasiga diskriminatsiya qilingan bu yangilik qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

“O‘zbekiston BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaga a’zo bo‘lgan. Yuqoridagi ro‘yxat esa o‘sha konvensiya talablariga mutlaqo zid. Chunki shu ro‘yxatning o‘zi ayollarni kamsitish degani! Bular aqldan ozganmi, nima balo?”, – deb yozgan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Elmira Bositxonova ushbu ro‘yxatga aloqasi borligini rad etdi. Uning O‘zAda e’lon qilingan murojaatida jumladan shunday deyiladi:

“O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi sifatida xotin-qizlarni tasniflaydigan, toifaga ajratadigan ro‘yxatni shakllantirishga qat’iyan qarshiman. Bugun internet tarmog‘ida shov-shuvga aylangan “xotin-qizlarning 23 ta toifasi ro‘yxati” tuzilishiga mening hech qanday aloqam yo‘q. Jurnalistlar, blogerlar hamda internet foydalanuvchilaridan mening sha’nimga aytilayotgan haqoratlarni to‘xtatishlarini so‘rab qolaman”.

Bositxonovaning murojaatidan biroz avval O‘zAda e’lon qilingan va Xotin-qizlar qo‘mitasining rasmiy pozitsiyasi ekani aytilgan boshqa bir bayonotda qo‘mita ayollarni kamsitadigan ro‘yxat tuzilishini qat’iyan qoralashi, buni demokratiya tamoyillariga zid deb hisoblashi aytiladi.

Shu bilan birga, bayonotda Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan poytaxtda yashovchi xotin-qizlarning 23 ta toifa bo‘yicha elektron kartotekalarini shakllantirish vazifasi belgilab olingani tan olinadi hamda ushbu ro‘yxatni tuzishdan maqsad ijobiy bo‘lganiga ishontirishga urinilgan.

Har ikki bayonotda Toshkent shahar hokimi tasdiqlagan qo‘shma qaror bekor qilinishi yoki Xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati bayonotida ta’kidlanganidek, maqsad ijobiy bo‘lgani uchun hayotga tatbiq etilishiga oydinlik kiritilmagan.