Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan farzandlarini yozgi ta’til kunlarida nazorat qilishlari bo‘yicha tilxat olishga ko‘rsatma bermagan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoq va OAVda maktab direktorlari, sinf rahbarlari majburiy ravishda ota-onalardan farzandlarini yozgi ta’til kunlari to‘liq nazorat qilishlari bo‘yicha tilxat olayotgani haqida ma’lumot tarqagan edi.

Tilxatda hususan farzand ta’til davomida masjidlarga namoz o‘qishga bormasligi haqida gap ketgan.

"Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan farzandlarini yozgi ta’til kunlarida nazorat qilishlari bo‘yicha tilxat olishga ko‘rsatma berilmaganini rasman ta’kidlaydi.

Bu ish maktab direktori va sinf rahbari tomonidan o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan xatti-harakatdir", – deydi XTV matbuot xizmati.

Xalq ta’limi vazirligining ta’kidlashicha, bu kabi holatlar sodir bo‘lganida ota-onalar maktab vakillariga bunday harakati noto‘g‘ri ekanini tushuntirishlari lozim.

  • Shunday xatti-harakatlar yuzasidan vazirlikning 10-06 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish zarur.
  • XTV tomonidan aniqlangan har bir g‘ayriqonuniy holat yuzasidan maktab direktori, sinf rahbari va mutasaddilarga nisbatan qonunchilik doirasida jazo choralari ko‘riladi.