O‘zbeklar siyosat bilan shug‘ullanishdan iloji boricha qochadigan xalqlardandir. Bunga xalq yaqin tarixdagi qatag‘on va tazyiqlar, mustaqil va tanqidiy fikrga ega bo‘lganlar jamiyatga sig‘dirilmaganiga guvoh bo‘lgani sabab bo‘lishi mumkin. Olimlarning aniqlashicha, o‘tgan ajdodlar hayotida sodir bo‘lgan voqealar o‘ziga xos genetik xotira orqali keyingi avlodlarning o‘zini tutishiga ta’sir qilar ekan. Ya’ni, ko‘rquv nasldan o‘tar ekan. O‘zbeklar aksariyat hollarda o‘z farzandiga (yaxshi niyatda) o‘ziga ortiqcha e’tiborni tortmasdan yashashni o‘rgatadi.

Lekin yana boshqa psixologlarning aytishicha, bolaga doim jim bo‘lishni, «och qornim – tinch qulog‘im» tamoyili bilan yashashni o‘rgatish uni xavf-xatardan asray olmas ekan.

Tarixchi Tamara Eydelman va psixolog Marina Goguyeva jamoaviy qo‘rquv hissi va jim bo‘lish (bolalarni ham shunga o‘rgatish) nima uchun to‘g‘ri emasligini tushuntiradi. Minbar e’tiboringizga Mel.Fm maqolasining tarjimasini taqdim etadi.

Tamara Eydelman, tarixchi, muallim:

– Ota-onam hech qachon men bilan siyosat haqida gaplashmagan, ataylab siyosiy bilimimni oshirish uchun harakat qilishmagan. Ammo men doim ularning gurunglarini eshitardim. Shuni ham aytish kerakki, u paytlar hokimiyatni tanqid qilish hozirgidan ham ko‘proq muammolar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan davrlar edi. Lekin meni bu bilan qo‘rqitishmagan: men shunchaki kattalarning gaplarini tinglar, ular muhokama qilayotgan g‘oyalarni anglar edim, ularning kitoblarini o‘qirdim, o‘zim ham ba’zi masalalarni tahlil qila boshlagandim. Mening siyosiy qarashlarim hech qanday bosimsiz, tabiiy ravishda shakllangan.

Men bolaga qandaydir qarashlarni tiqishtirish kerak emas deb hisoblayman, ammo bola eshitib qoladi deb sizni tashvishga solayotgan mavzular haqida gapirmaslik ham to‘g‘ri emas. U sizdan dunyoda nimalar bo‘layotgani haqida eshitgani, tushunmagan narsalari haqida so‘ragani ma’qul. Adolatsizlik haqidagi gurunglarni eshitgan farzandingiz barrikadalarga chiqishidan qo‘rqasizmi? Unda unga «halol odam bo‘lish» ham yashashning bir yo‘li va katta ish ekanini tushuntiring. Chunki qonunni buzmasdan, ishimizni vijdonan bajarish bilan ham biz yaxshilikka xizmat qilamiz.

«Nima uchun siz, kattalar, bo‘layotgan voqealarga aralashmaysiz?» degan savolga nima deb javob berishni esa bilmayman. Chunki men rostan aralashmayman.

Albatta, o‘taketgan tentaklarni hisobga olmaganda hammamiz nimadandir qo‘rqamiz. Biz qo‘rquvni nima qilishimiz boshqa masala. Men har safar ruxsat berilmagan namoyishlarga chiqayotganda qo‘rqaman, lekin baribir chiqaman. Chunki chiqishim zarur deb hisoblayman.

Agar ota-onasi o‘g‘ri bo‘lsa bolaning halol bo‘lishi qiyin. Xuddi shunga o‘xshash – agar ota-onalar o‘z fikrini aytishdan, uni himoya qilishdan qo‘rqmasa, ularning farzandlari ham qo‘rqmasligi tayin.

«Robb bu odam mardlarcha halok bo‘lganini aytdi, Jon esa u qo‘rqdi dedi.

– Sen nima deb o‘ylaysan? – so‘radi otasi. Bran o‘ylanib qoldi.

– Inson jasur bo‘lishi, lekin nimadandir qo‘rqishi mumkin emasmi?

– Jasur odam aynan shunday bo‘ladi».

«Taxtlar o‘yini» serialidan.

Marina Goguyeva, psixolog:

– Qo‘rquv – eng yomon hissiyot emas, u jon saqlash mexanizmining bir bo‘lagidir. Inson nimadandir qo‘rqsa, demak dunyoda nimalar bo‘layotganini tahlil qiladi, o‘zi tushib qolgan holatni anglaydi. Katta odamning qo‘rquvi aynan shunday bo‘lishi kerak, aynan shunday qo‘rqish «to‘g‘ridir». Shu bois bolani tanqidiy, tahliliy fikrlashga o‘rgatish lozim, shunda u xatarga duch kelganda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi, ushbu mexanizmlar ishga tushadi.

Bolani o‘z fikrini aytgani uchun urishish esa zararlidir. Bolaga doim jim bo‘l, aralashma deb qulog‘iga quyish bilan uni xavf-xatardan asramaysiz, aksincha, bo‘sh, himoyasiz qilib tarbiyalaysiz.

Hayotda biron narsani tanlar ekan, inson faqat o‘z fikriga asoslanadi, birinchi navbatda o‘ziga foydali qarorga keladi. Jamiyatga emas, ota-onasiga emas, ish beruvchiga emas, faqat o‘ziga. Hatto ishi o‘ngidan kelmagan taqdirda ham u bundan xulosa chiqaradi va xatolarini tahlil qilib vaziyatdan chiqish yo‘lini topadi.

Shu bois bolalarni yoshligidan o‘z fikrini aytishgagina emas, uning uchun mas’uliyatni his qilishga ham o‘rgatish kerak. Bu ularning kelajakda baxtli hayot kechirishiga katta yordam bo‘ladi.