Ko‘pchilik ota-onalar maktabga borayotgan bolalari bilan birga uy vazifalarini bajarishadi. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 78 foiz bo‘lsa, Buyuk Britaniyada 11 foizni, tashkil etadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich qanchani tashkil etishi noma’lum, sababi mazkur masala jamoatchilik fikrini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan tadqiq etilmagan.

Ota-onalar bolalariga dars qilishlari uchun ko‘maklashishlari kerakmi? Bolaga uy vazifasi uni mustaqil bajarishlari uchun beriladi. Yosh bola esa buni eplay olmasligi mumkin. Shu bois boshlang‘ich sinfning vazifasi bolani o‘qishga o‘rgatishdir.

Psixologlarning aytishicha, ota-onaning mazkur jarayondagi vazifasi bolaga berilgan vazifani bajarib berish yoki uning qo‘lidan ushlab, harflarni chiroyli yozishga o‘rgatish emas, balki unga dars qilish jarayonini tashkillashtirib, reja tuzish va nazorat qilishdadir.

Farzandining uy vazifalarini qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, mustaqil bajarayotganini ko‘rgan ota-onalar asta-sekin orqa planga o‘tishi joiz.

Ko‘pincha ota-onalar boshlang‘ich sinfda bolalari bilan birga uy ishlarini qilishadi-da, 5-sinfga o‘tgach, «endi katta bola bo‘lding, vazifalarni mustaqil bajarishing kerak», deyishadi. Alal-oqibat bu bolaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuning uchun ham farzandining darslariga yordam berishni istagan ota-onalar bu borada juda ehtiyotkor va e’tiborli bo‘lishlari, bolaga ko‘mak berib, so‘ng darrov undan darslarini mustaqil bajarishini talab etmasliklari zarurdir.