1O‘zi nima gap

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Instagram’dagi sahifasida rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Allamjonovning aytishicha, bundan buyon har bir OAV, blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi guruhlar moderatorlari nafaqat o‘zlari yozgan ma’lumotlarga javobgar bo‘ladi, balkim ushbu ma’lumotlar ostida foydalanuvchilar, feyk akkauntlar yoki trollar yozgan "davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar" uchun javobgar bo‘lishadi.

O‘zbekistonda axborot siyosati uchun ma’sul amaldor bloger va media kompaniyalardan bunday ma’lumotlarni o‘tkazmaslik yoki sahifasidan zudlik bilan o‘chirib tashlash amaliyotini yo‘lga qo‘yishni so‘radi.

2Maqola yoki blogpost ostiga yozilgan sharhlar, fikrlar, faktlar va mulohazalar uchun muallifda qonun bo‘yicha javobgarlik bormi?

Bloger yoki OAV foydalanuvchilar izohi uchun qonun oldida javobgardir deganda Komil Allamjonov "Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunni nazarda tutgan.

Bu qonunning 121-moddasiga ko‘ra, vyeb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan:

  • O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish;
  • urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;
  • davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
  • milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;
  • giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;
  • pornografiyani targ‘ib qilish
  • qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

3Axborot "nojoizligini" kim belgilaydi

Odatda internet va OAVdagi "nojoiz" ma’lumotlar bilan AOKA qoshidagi maxsus monitoring markazi shug‘ullanadi. Agarda veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger monitoring markazining talablarini bajarmasa, mazkur veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanish Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ (AKT vazirligi) tomonidan cheklanishi mumkin. Ya’ni, sayt yoki ijtimoiy tarmoq bloklanadi.

Lekin "Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunning 121-moddasi AOKA rahbari aytganidek amaliyotda qo‘llansa, bloger yoki jurnalist ham senzura bilan shug‘ullanishiga to‘g‘ri keladi.

4Trollar bosib ketgan bo‘lsa-chi?!

Allamjonov "feyk akkauntlar yoki trollar tomonidan yozilayotgan davlat axborot xavfsizligiga tahdid soluvchi buzg‘unchi sharhlar, haqoratli so‘zlar, tahqirlashlar, yolg‘on izohlar" haqida gapirgan.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali tuhmat va haqorat qilish, boshqa huquqbuzarliklar uchun javobgarlik bor va bu javobgarlik huquqbuzarga daxldordir. Tuhmat va haqorat hatto choyxonada yoki avtobusda qilinsa ham qonunbuzarlikdir. Ijtimoiy tarmoqda qilinsa bu qilmishni og‘irlashtiradigan holatdir. Lekin bu javobgarlik qoidabuzarning – sharh yozgan fuqaroning yoki “Troll”ning zimmasidadir.

Albatta, “trollar”ni, tarmoqda haqoratomuz, tuhmatomuz sharh yozganlarning aksariyat hollarda shaxsini aniqlash oson ish emas, texnik muammodir. Aniqlanganda ham haqoratni va tuhmatni aniqlashning turli jihatlari mavjud. Masalan, sharhlagan kimsa: “Bu yerda hammang falon..san”, deya yozsa, bu qonunga ko‘ra haqorat emas, chunki uning ob’yekti mavjud emas. Haqorat muayyan insonga qaratilganda haqorat hisoblanadi. Yoki: “Siz bu masalada hech baloni tushunmaysiz”, – deb yozish haqorat emas, odobsizlik sanaladi.

5Onlayn haqorat bilan offlayn haqorat bir xildir

Ijtimoiy tarmoqlardagi tuhmat va haqorat uchun javobgarlik yurisprudensiyaning umumiy me’yorlari asosida hal etiladi. Internetdagi haqorat uchun alohida me’yor belgilanmagan va shart emas.

Haqoratlangan yoki sha’ni poymol etilgan shaxs sudga murojaat qilishi mumkin. Yana bir yo‘l – tarmoq moderatorlariga, ma’murlariga murojaat qilish hamda xafa qilgan akkauntni bloklashdir.

Moderatsiya talabi so‘z erkinligiga jiddiy zarba bo‘lar, O‘zbekistonning endi ijobiylashayotgan demokratik qiyofasiga jiddiy soya soladi.

Xalq buni "yemagan somsaga pul to‘lash” deydi.

6Bu boradagi jahon tajribasi qanday?

Hali hech bir davlatda ijtimoiy tarmoqdagi sharh uchun uning muallifiga javobgarlik belgilanmagan.

  • AQSh bloger yoki sayt egasini boshqalar tomonidan qoldirilgan sharhlar uchun umuman javobgarlikka tortmaydi.
  • Finlyandiyada nomaqbul sharh o‘chirish tavsiya etiladi, ammo majburlanmaydi.
  • Germaniya va Rossiyada sud qarori bilan o‘chirishing mumkin.

7Bu talab “samotsenzura”ga yo‘l ochmaydimi?

Albatta, post ostida yozilgan sharhlar uchun javobgarlikni moderatorlarga yoki blogerlarga yuklash so‘z erkinligiga jiddiy zarba beradi, FB kabi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar sohiblari, saytlar va bloglar egalari o‘z materiallarini faqat o‘qisa bo‘ladigan, lekin sharhlab bo‘lmaydigan – "read only" rejimiga o‘tkazadilar, munozaralar va muammolar yechimini izlash to‘xtaydi. Chunki jurnalist yoki blogerning raqiblari va raqobatchilari uning posti tagiga jinoyat hisoblanadigan sharhlarni to‘ldirib, qasos olishga tushadilar.

Qolaversa, post ostidagi sharhlar uchun javobgarlikdan qo‘rqib, bloger senzorga aylanishiga to‘g‘ri keladi.

Qonunchilikka ko‘ra fuqaroning huquqlarini himoya qilish usullaridan, xususan,Fuqarolik kodeksining 11-moddasiga binoan “huquqni tan olish” va “huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tug‘diradigan harakatlarning oldini olish mumkin” bo‘lgani kabi, haqoratli va tuhmatli sharhni olib tashlashni talab qilishi mumkin.

Olib tashlash rad etilsa, sudga murojaat qilish mumkin va sud mazkur matnni olib tashlash borasida qaror chiqara oladi.

Bunday sharhni olib tashlash talabi bloger yoki sayt yoxud OAV uchun javobgarlikni emas, majburiyatni anglatadi.

8XULOSA

  1. Huquqbuzarlik uchun javobgarlik aynan huquqbuzarning – post yoki maqola ostida sharh qoldirgan shaxsning zimmasidadir.
  2. Sharh muallifini topa olmaslik javobgarlikni sayt muallifi yoki ma’muriga o‘tkazilishini anglatmaydi.
  3. Sud yoki shikoyatchi talabi bilan sharh sahifadan olib tashlanishi mumkin va bu javobgarlik yoki jazo chorasi emas, sudning qarorini yoki fuqaroning talabini bajarishdir.
  4. Agar sayt egasi yoki ma’muri sudning talabini bajarmasa, bu endi javobgarlikni keltirib chiqaradi va hatta ma’naviy zararni undirishga olib kelishi mumkin.

Sharh uchun bevosita javobgarlik faqatgina uni yozgan shaxsgagina yuklanadi;

Sahifa (sayt) egasi (bloger) o‘zi joylashtirgan kontent doirasida javobgar bo‘ladi (joylashtirgan ma’lumotlarining Qonun 121-moddasiga muvofiqligi).

Agar, Agentlik fikricha, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni 121-moddasi birinchi qismidagi sahifa (sayt)dan foydalanish deganda, shu jumladan, boshqa foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan sharhlarni ham nazarda tutilsa, bunga Konstitutsiyaviy sud sharh berishi lozim.

Mazkur me’yorlardan chiqqan holda, jurnalistlar va blogerlarga maqolalari va postlari ostidagi sharhlar uchun javobgarlikni yuklash so‘z erkinligi tamoyillariga ziddir, chunki u, bir tomondan, jurnalist va blogerni senzorga aylantiradi va, ikkinchi tomondan, sharh va fikr yozuvchilarning so‘z erkinligini bo‘g‘adi.

Karim BAHRIYeV,
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi
kasb odobi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi a’zosi