Yangi alifbodagi o‘zgarishlar bo‘yicha ishchi guruh xulosasi e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama avj oldi. Ishchi guruh 29 harf va bir belgidan tarkib topgan takomillashtirilgan alifbo loyihasini ishlab chiqqan.

Aslida ishchi guruh xulosasi o‘tgan yilning 21-oktyabrida tayyorlangan, xulosani e’lon qilish uchun esa roppa-rosa 7 oy vaqt ketibdi, xulosa e’lon qilinishiga shuncha vaqt ketgan bo‘lsa, bu ketishda alifbo o‘zgarishidan umid qilishga erta shekilli.

Muhokamalardagi asosiy jihatlar:

  • Yangi alifboga kirill yozuvidagi “ц”ning o‘rnini bosuvchi “с” harfining kiritilgani (“цех” so‘zining yangi alifboda yozilishi anchadan buyon kulgiga olinayotgan edi) keskin tanqid qilinayapti.
  • “Ng” harfining alifbodan butunlay olib tashlanganiga ham e’tirozlar ko‘p bo‘layapti.
  • harfi Ó, Gʻ harfi Ǵ, Sh harfi Ş, Ch harfi Ç bo‘lishiga e’tirozlar deyarli yo‘q.
  • Alifbo yangilanmasligi aytilayapti, o‘zgarayotgan alifbo hozirgi alifbodan ko‘ra mukammal emasligi haqida ham fikrlar bo‘layapti.

“С” kiritilishiga asos nima?

Takomillashtirilgan alifbo loyihasiga ko‘ra Cc (Цц) harfi alifbo tugalligini ta’minlash, shuningdek, o‘zlashma so‘z va atamalarni aniq ifodalash maqsadida kiritilgan.

Bu belgini yoqlovchi va rad etuvchi ikki zid qutb bor.

Cc ni rad etuvchilar uni alifbomizga kiritmasligimiz kerak, sababi, bu harf turli xalqlarda turlicha tovushlar (s, k, j, ch, c)ni ifodalaydi, unga qaysi tovushni yuklamaylik, xalqaro atamalarni o‘qishda chalkashliklar yuzaga keladi deyishadi.

Cc ni yoqlovchilar bu harf alifbomizda mavjud bo‘lmagani bilan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijtimoiy hayotimizda baribir ishtirok etayapti, masalan, pasport seriyasi, test savolnomasi, avtomashina raqamlari kabi ro‘yxat bandlarini alifbo asosida tartiblashda va boshqa holatlarda Cc harfidan foydalanayapmiz, shuning uchun bu harfni alifboga qabul qilishimiz shart deyishadi.

Cc ni yoqlovchilarning aksariyati bu belgidan kirill alifbosidagi Цц tovushini ifodalash uchun foydalanaylik deyishadi va o‘z qarashlarini asoslash uchun qator dalillar keltiradi. Jumladan:

1) til jonli hodisa sifatida muntazam rivojlanadi: o‘tgan asrda tilimizga chet tillar, xususan, rus tili orqali ц harfi qatnashgan juda ko‘p o‘zlashma so‘zlar kirib keldi – s harfi yoki ts birikmasi esa bu tovushni hamisha ham to‘la aks ettirmaydi;

2) xalqaro tabiatga ega bo‘lgan so‘zlar, xususan, ko‘p ilmiy-tibbiy atamalarda Cc (s) harfi juda faol ishtirok etadi;

3) o‘zga millat vakillarining ism-familiyasidagi s tovushini to‘g‘ri aks ettirish imkoniyati yo‘qligi bois ba’zan muayyan noqulaylik, chalkashliklar yuzaga kelmoqda. Masalan: Цой – Soy;

4) qadimiy lotin tiliga mansub bo‘lgan Ц harfli ko‘p so‘zlar asliyatda ham Сс harfi bilan yozilgan. Masalan: цирк (circus), цемент (caementum), концерт (concerto), лицей (lyceum) va h. Va bugun ham lotin alifboli ko‘p xalqlar bu so‘zlarni asliyatga muvofiq yoki yaqin tarzda yozadi. Masalan:

Lotin

Ingliz

Ispan

Fransuz

Chex

Polyak

Cirkus

circus

circo

Cirque

cirkus

cirk

caementum

cement

cemento

Ciment

cement

cement

concerto

concert

concierto

Concert

koncert

koncert

Lyceum

lyceum

liceo

Lycce

lyceum

liceum

5) dunyodagi ko‘p xalqlar alifbosiga faqat o‘zlashma so‘zlar uchun maxsus harflar kiritilgan. Masalan, venger alifbosida – Q, W, X va Y harflari;

6) alifboga Cc (ц) harfining kiritilishi kirill yozuviga o‘rganib qolgan katta avlod vakillarining ham lotin yozuviga tezroq moslashib ketishiga, rasmiy alifbomizning keng qo‘llanishiga zamin yaratadi.

Mabodo, Cc tarafdorlarining yuqoridagi dalillari asosli deb topilsa va alifbomizga Cc (ц) harfi qabul qilinsa ham, bizningcha, rus tili qonuniyatlariga ko‘r-ko‘rona ergashmasdan, o‘zlashma so‘zlarning etimologiyasi hamda tilimiz tabiatidan kelib chiqqan holda o‘ziga xos qoidani joriy qilishimiz lozim.

Ehtimol, bu qoida shunday bo‘lar: Cc harfi o‘zlashma so‘zlarda qo‘llanadi. U so‘z boshida yoki undosh tovushdan keyin kelsa, Ss harfi kabi (cirk, lekciya), unli tovushdan keyin kelsa, ts (licey, administraciya) tarzida o‘qiladi”. Shunda Cc li o‘zlashma so‘zlarni asliyatga muvofiq yozib, tilimiz tabiatiga ko‘ra talaffuz qilamiz.

Сс harfi bo‘yicha taklif:

Alifbo tugalligini ta’minlash, shuningdek, o‘zlashma so‘z va atamalarni aniq ifodalash maqsadida Cc (ц) harfini qabul qilish.

Ziyolilar nima deydi?

Jurnalist Parvina Omonovaning yozishicha, “O‘zbek xalqining artikulyasion fizionomiyasiga to‘g‘ri kelmaydi “ц” harfi. Aholimizning yarmidan ko‘pi “ц”ni talaffuz qilishda qiynaladi. Bu harfni alifboga kiritish ularning talaffuzi kamsitilishiga olib keladi. Masalan, bugun OAVda eshitdim, “konsern” so‘zini концерн sifatida talaffuz qilmadi jurnalist. Majbur ham emas. O‘zlashtirma so‘zlar o‘sha aholining artikulyasiya imkoniyatlari bilan hisoblashishi kerak. Ko‘p so‘zlar o‘zbek normalariga ko‘ra o‘zlashtirib ham olindi allaqachon, endi odamlarni qaytadan “с”ga o‘rgatishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qolaversa, beo‘xshov tahlillar berilgan: inglizlar lotin tilidan qolgan “с” ishtirokidagi so‘zlarni “ц” sifatida talaffuz qilmaydi, uni bizning til bilan taqqoslashning hojati yo‘q. Kirill alifbosidan o‘tuvchilar uchun qulaylik yaratish esa kulgili maqsad”.

Yosh tadqiqotchi-filolog Husan Maqsudov “С” (ц) harfini joriy qilishga 2 ta vaj topilishi mumkin: 1) “с”ning qayerdan kelganini ko‘rsatish uchun. Lekin bu o‘zini oqlamaydi. Kirill alifbosida “ц” harfi bor, lekin kirill alifbosini ishlatadiganlar xijolat bo‘lib, yer chizib vaj-karson ko‘rsatishmaydi. Yo bo‘lmasa, turklar ham “ç” harfini inglizlarning “с” harfiga ilmoq qo‘yib yasadik deb xijolat chekishayotgani yo‘q. 2) “цех” so‘zining xunuk va uyatsiz so‘zga shakldosh bo‘lmasligi uchun ham с (ц) harfi kiritilayapti. Menimcha, bu asosiy sabablardan biri”,deb hisoblaydi.

"Feysbuk" faoli Dono Bekchanova: “Imlo va talaffuz qoidalari “Ц”ga tegilsa buzaladi degan qarash noto‘g‘ri. O‘zlashma so‘zlarni tilga qabul qilishning o‘z qonun-qoidalari bor va bular “цех”, “цирк” kabi so‘zlarni olishda buzilib bo‘lgan. Endi ularni to‘g‘rilash kerak. “Цирк” bo‘ladimi, “Сirk” bo‘ladimi, oddiy o‘zbek uni “sirk” deydi. “Ц” – o‘zbek tiliga yot tovush. “Ц” masalasida keltirilgan misollar ilmiylikdan yiroq. Masalan, Amer. |ˈsɜːrkəs| Brit. |ˈsəːkəs|”, – deydi.

Professor, tilshunos Muhabbat Qurbonova “C” harfining mutlaqo ortiqchaligi va keltirilgan argument ham asossiz ekanini ta’kidlagan. Bu xalqni ancha chalkashtiradi deb hisoblaydi tilshunos va boshqa harflar amaliy jihatdan qulaylashtirilganini aytadi.

Xushnudbek Xudoyberdiyev “с” harfi mutlaq begona emasligini aytgan: “Ha, bir narsani tan olib aytish kerakki, jamiyatda alifbolar almashuvi har doim ham oson kechmaydi. Ammo bugungi kunda lotin alifbosiga kiritilayotgan o‘zgarishlar xalqni savodsiz qilishi haqidagi da’volarga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi. Alifboga mazmunan bittagina o‘zgarish kiritilmoqda, ya’ni kirilchadagi «ц» harfi uchun yangi «с» harfi alifboga kiritilmoqda. Lekin bu harf ham ko‘zimiz uchun mutlaqo begona emas, uni yaxshi taniymiz. Cirk, miliciya, innovaciya kabi so‘zlarni o‘qiy olmasdan, xalq savodsizga aylanishini tasavvur qilish qiyin”.

Bloger Shahnoza To‘raxo‘jayeva ushbu xulosaga olib kelgan muhokamalarda ishtirok etgan va xulosaga imzo chekkan inson sifatida o‘z mulohazalarini bildirgan: “Ц ni saqlab qolish va unga lotin grafikasida С harfini berish masalasi jiddiy muhokama bo‘ldi. Ishchi guruhning birinchi yig‘ilishida (rektor Shuhrat Sirojiddinov kabinetidagi yig‘ilish) Ц ni saqlab qolish haqidagi taklifimni Nizomiddin Mahmudov domla qattiq qayirib tashladilar. Oktyabrdagi imlo konferensiyasida С harfini Ж uchun olib, ikkita Ж qilish masalasi ko‘tarildi, С ni Ц o‘rniga olish yana qattiq rad etildi. Aytish lozimki, o‘sha konferensiyada asosan katta avlod tilshunoslar fikri e’tiborga olindi. Keyinchalik matn, tarjima, elektron tarjima va matnlarni alifbodan alifboga konvertatsiya qilish bilan faol shug‘ullanadigan yosh mutaxassislar ham ishchi guruhga jalb qilingach, С harfi Ц o‘rniga olinadigan bo‘ldi. Ko‘rib turganingizdek, bu o‘risparastlik, Rossiya ta’siri degan siyosiy motivlar emas, aynan amaliyotchi mutaxassislarning asosli fikrlari va takliflari ortidan qabul qilingan qarordir. Bu funksional qaror, siyosiy emas”.

“savodxon.uz” sayti asoschisi Javlon Jo‘rayev “ruslardan alamzadalik yuzasidan nima deyishsa ham, “с” tilimizning ajralmas qismi bo‘lib bo‘lgan, bundan boshni qumga tiqib qutulib bo‘lmaydi” deb hisoblaydi.

BBC jurnalisti Rustam Qobil “o‘zbek tilida yo‘q va o‘rtahol o‘zbek o‘z tilini burab, aytolmaydigan begona ц tovushi uchun alohida c kiritilishini tushuna olmasligini bildirgan. “Ц harfi bir asrki, baribir, xalqimiz uchun begona bo‘lib qolaverdi (xalq deganda, ц tovushini o‘z ona tilidek ayta oladigan yurtdoshlarimiz qatorida bozor va daladagi o‘zbekistonliklarni ham nazarda tutaman). Aksar aholimiz ц tovushini baribir oddiy s deb talaffuz qiladi. Endi biz ana shu aksar aholi, ya’ni ko‘pchilikni savodsizga chiqarib qo‘yishimiz mumkin. Bilamizki, ц tovushini aytolmagan yoki davlat tilini mukammal o‘rgana olmagan sovet fuqarolari 70 yil o‘zlarini yetuk savodxon his qilishmagan va ikkinchi darajali odamdek bilib, mavqelarini past tutib, nisbatan jamiyat chekkasida yashab kelishgan. Endi esa ц harfi bois jamiyatdagi savodxonlik tarozisi posangisi til masalasida bir tarafga og‘ib, odamlar yana savodli-savodsiz, shaharlik-qishloqlik kabi toifalarga ajralishi kuchayishi mumkin”,deydi jurnalist.

"BBC"ning yana bir jurnalisti Ibrat Safoning yozishicha, “Agar 20-asr boshlariga qaytsak, jadidlarimizning lotin alifbosi borasidagi qizg‘in tortishuvlariga guvoh bo‘lamiz. O‘sha davrlar maqolalarini o‘qisangiz, lotin alifbosi bir necha bor o‘zgarganini ko‘rasiz. Boshqa turkiy xalqlar bilan yaqinlashish ham ko‘zlangan. Ko‘p o‘tmay bu xalqlarning erkin fikri va yozuvidan xavotirga tushgan Moskva lotinga nuqta qo‘ygan. Bu safar panturkist g‘oyalar emas, millat alifbosini odam qilish masalasi ko‘ndalang turibdi. «Ц»ga kelsak, shaxsan o‘zim «С» tarafdoriman. Ц tilimizga kirib kelgan va undan sun’iy ravishda voz kechib hech nimaga erishmaymiz. Seks bilan sexning farqiga bormasak uyat bo‘lar».

Muhokamalarda hazil va yumor bilan fikrini bildirayotgan foydalanuvchilar ham bor. Masalan mana bu izoh:

Mana bu bahsda esa “sex” so‘zining noto‘g‘ri tushunilmasligiga yechim keltirilgan:

Skrenshot: Facebook

Jurnalist Shuhrat Shokirjono‘g‘li tilimizga “с” kerakligi tarafdori: “Chunki masalan, “пицца” o‘rischa so‘zmas. Yoki italyanlar pizza deyishadi, ruslar пицца deb o‘ziga moslashtirgan emas. Цунами ruscha so‘zmas. Umuman tilimizdagi Ц ishtirok etgan so‘zlarning birortasi ruscha emas. Ц deganda ruslar va rus tilini tushunadiganlar – haftafahmlardur, bo‘taloqlarim”.


"Feysbuk" faoli Abdulaziz Saidalixanov “с” tugul, umuman o‘zgarishlardan norozi: “Xo‘sh, nima keragi bor to‘xtovsiz o‘zgartirishning? Bir avlod o‘rgangan alifboni ikkinchi avlod o‘rganmayapti. Uchinchi avlod yana boshqa alifboni o‘rganayapti. Bundan maqsad nima? Qay darajada savodsiz bo‘lsak, tilimiz qay darajada mayna-yu kalaka bo‘lsa ko‘nglingiz joyiga tushadi, tilshunoslar? So‘zimni ingliz tilidagi mana bu jumla bilan tugataman. Mazmunining emas, o‘qilishining aloqasi bor. O‘n marta qatnashgan "-ough" birikmasi naqd to‘qqiz xil o‘qiladi. Bir xil birikma, to‘qqiz xil o‘qilish. Ammo dunyoda hukmron til bu: "I thOUGHt it would be rOUGH to plOUGH thrOUGH the slOUGH, thOUGH it was falling into the lOUGH that left me thorOUGHly cOUGHing and hiccOUGHing".

“S” harfi haqida

“Ц” harfining muhim yoki muhim emasligini “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”dan ham bilib olish mumkin. O‘MEda “ц” harfiga bunday izoh berilgan: “Qo‘llanishi jihatidan nofaol fonemani ifodalovchi harf: faqat rus tili orqali kirib kelgan oz sonli ruscha va baynalmilal so‘zlar tarkibida uchraydi. So‘zning boshida (цирк, циклон), o‘rtasida (акция, процент, француз) va oxirida (абзац, кварц, шприц) kela oladi. Ushbu harf ifodalovchi tovush turkiy tillarda bo‘lmaganligi va o‘zbek tiliga ham bu tovush to‘la o‘zlashib ketmaganligi sababli u turkiy xalqlar uchun umumiy bo‘lgan yozuvlardan faqat kirill alifbosidagina uchraydi”.

O‘zbekiston milliy ensiklopediyasining "Ц harfi bilan boshlanuvchi so‘zlar” berilgan bobida “ц” harfi bilan boshlanuvchi 122 ta so‘z keltirilgan.