Xalq ta’limi vazirligi internetda maktabga to‘lov kategoriyalar asosida amalga oshirilishi haqida tarqalgan ma’lumot yolg‘on ekanini aytmoqda.

Avvalroq Toshkentdagi 81 ta maktab 5 ta kategoriyaga bo‘linib, ularga qabul 10 EKIHdan 50 EKIHgacha to‘lov asosida bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Aslida birinchi sinfga chiqadigan bolani maktabga qabul qilish qanday bo‘ladi: O‘zbekistondagi barcha maktablarga emas, 81 ta maktabga bolalar asosiy va qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinadi. Faqatgina qo‘shimcha kvotadagilar pul to‘laydi.

Asosiy kvota qanday shakllantiriladi: tuman hokimliklari maktabga biriktirilgan mikrohududda yashaydigan (31-dekabrga qadar 7 yoshga to‘ladigan) bolalarni, otasi yoki onasi I guruh nogironi bo‘lgan hamda yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar sonini inobatga olgan holda asosiy kvotani shakllantiradi. Bular o‘sha maktabning birinchi sinfiga chiqish uchun pul to‘lamaydi.

Qo‘shimcha kvota maktabning imkoniyatidan kelib chiqib:

  • mikrohududdan tashqarida yashaydigan maktab yoshidagi,
  • mikrohudud va mikrohududdan tashqarida yashovchi maktab yoshiga yetmagan (1-sentyabrga qadar 6 yoshga to‘ladigan),
  • maktabda ta’lim beriladigan til bo‘yicha boshlang‘ich bilimga (muloqot qilish ko‘nikmasiga) ega bo‘lmagan bolalar uchun ajratiladi.

Bolasini qo‘shimcha kvota asosida maktabga bermoqchi bo‘lgan ota-onalar eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘im to‘laydi.

Qo‘shimcha kvota bo‘yicha to‘lanadigan pul miqdorini maktab kuzatuv kengashi belgilaydi.

Maksimal to‘lov miqdori belgilanmagan, buni sharoitidan kelib chiqib maktabning o‘zi hal qiladi. Vazirlikdagi manbalarning aytishicha, hozircha eng katta to‘lovni joriy qilmoqchi bo‘lgan maktab bu qiymatni eng kam oylik ish haqining 37 barobari miqdorida deb belgilamoqchi.

To‘langan pul nimaga ketadi: qo‘shimcha kvotadan tushgan mablag‘lar maktabdagi sharoitlarni yaxshilash hamda ta’lim muassasasining rivojlanishiga hissa qo‘shgan maktab o‘qituvchilari va direktorini rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Maktabning 1-sinfiga qabul jarayonini bevosita kuzatuv kengashi a’zolari nazorat qilib borishi ko‘zda tutilgan. Jumladan, kuzatuv kengashi a’zolari maktab mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishini ham nazorat qiladi.