Kann xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkazilgan Entr2 Marches ("2 qadam oralig‘ida") qisqa metrajli filmlar festivalida yosh o‘zbek rejissyori Shokir Xoliqovning "Choy" nomli filmi g‘olib deb topildi. Bu Kann xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkazilgan tanlovda qatnashgan va g‘olib bo‘lgan ilk o‘zbek filmidir. Filmni tanlovga rejissyor internet orqali onlayn topshirgan.

"Men filmni tanlovga yuborganimda Kann shahrida o‘tkazilayotgan va xalqaro kinofestivalga aloqasi yo‘q tanlov deb o‘ylagandim. Tanlov tashkilotchilar meni bu Kann xalqaro festivali doirasidagi tanlov ekanidan xabardor qilishdi va tez kunda mukofotni yuborishlarini aytishdi. Mukofot nima ekanidan hozircha xabarim yo‘q", – deydi Shokir Xoliqov.

Bu haqida Shokir Xoliqovga tanlov tashkilotchilari xabar bergan. "Choy" filmi 3000 tomoshabin yig‘ilgan saroyda namoyish etilgan. Tanlovga 26 daqiqadan oshmagan, fransuz tilidagi subtitri mavjud, nogironlar haqidagi filmlar qabul qilingan.

Tanlovda "Choy" filmi namoyish etildi. Foto: Shokir Xoliqov.

Rejissyorning ushbu filmi Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Hindiston, Braziliya, Rossiya, AQSH, Makedoniya kabi mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan qisqa metrajli filmlar xalqaro festivallarida ham gran-pri va qator nominatsiyalarni qo‘lga kiritgan.

Tanlov jarayoni. Foto: Shokir Xoliqov.