Tovuq go‘shtidan tayyorlangan naggetlar, muzqaymoq va nonushtada tanovul qilinadigan yormalar kabi o‘ta qayta ishlangan oziq-ovqatlar salomatlikka ziyon keltirib, erta o‘limga sabab bo‘ladi, demoqda olimlar.

Fransiya va Ispaniya olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot bunday oziq-ovqatlarning zarar ekaniga yaqqol isbot o‘laroq e’tirof etilmagan bo‘lsa-da, o‘ta qayta ishlangan mahsulotlar odamni ortiqcha ovqat iste’mol qilishga majburlashi aytiladi.

O‘ta qayta ishlangan mahsulotlar nima o‘zi?

Ushbu tavsif oziq-ovqat mahsulotlarining qay darajada sanoat ishlovidan o‘tganini ko‘rsatadi.

«Qayta ishlanmagan yoki kam darajada qayta ishlangan mahsulotlar»ga quyidagilar kiradi:

  • mevalar
  • sabzavotlar
  • sut
  • go‘sht
  • dukkakli donlar
  • guruch kabi donlar
  • tuxum

Aksar oziq-ovqat mahsulotlariga saqlash muddatini uzaytirish va mazasini yaxshilash maqsadida, asosan, tuz, yog‘, shakar bilan yoki fermentlash usuli orqali ishlov beriladi.

Ularga quyidagilarni misol keltirish mumkin:

  • pishloq
  • kolbasa mahsulotlari
  • non mahsulotlari
  • konservalangan meva va sabzavotlar
  • dudlangan baliq
  • pivo

Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Saqlovchi, shirinlashtiruvchi va rang beruvchi moddalar qo‘shilgan ko‘plab oziq-ovqat mahsulotlari, hozirgi kunda, keng iste’molning yuqori o‘rinlaridan joy olgan.

«Agar mahsulot beshtadan ziyod qo‘shimchani o‘z ichiga olgan bo‘lsa, uni o‘ta qayta ishlangan oziq-ovqat mahsuloti, deb atash mumkin,» izohlaydi Navarra Universitetidan professor Mayra Bes-Rastrollo.

Quyidagi mahsulotlar tarkibida, odatda, beshtadan ko‘p sanoat qo‘shimchasi bo‘ladi:

  • kolbasa kabi qayta ishlangan go‘sht mahsulotlari
  • yormalar
  • tez tayyor bo‘ladigan lapshali sho‘rvalar
  • gazlangan shirin ichimliklar
  • tovuq go‘shtidan tayyorlangan naggetlar
  • kekslar
  • shokolad
  • muzqaymoq
  • fabrikada tayyorlangan non mahsulotlari

Bunday mahsulotlar qanchalik zararli?

Ispaniyadagi Navarra Universiteti tomonidan e’lon qilingan birinchi tadqiqotda 10 yil davomida 19,899 insonning ovqatlanish tartibi kuzatib borilgani aytiladi.

Tadqiqot vaqtida 335 insonning noto‘g‘ri ovqatlanish bilan bog‘liq sabablar oqibatida vafot etgani qayd qilingan.

Parij Universiteti esa besh yil davomida 105,159 insonni kuzatib, ularning ovqatlanish tartibini yilda ikki bor baholab borgan.

Fransiyalik olimlar o‘ta qayta ishlangan mahsulotlarni doimiy iste’mol qilganlarning sog‘liq bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelganini aniqlagan.

Parij Universitetidan doktor Matilda Tuverning so‘zlariga ko‘ra, bunday mahsulotlar iste’molining shiddat bilan ortishi keyingi o‘n yilliklarda yurak-qontomir kasalliklarining keskin ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

Foto: Getty Images

O‘tgan yili sanoat tomonidan keng iste’mol uchun qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari va saraton xastaligi o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lishi mumkinligi aniqlangan edi.

Biroq, hozircha, olimlar bunday mahsulotlar va sog‘likning buzilishi o‘rtasidagi bog‘liqlikning tagiga yeta olmaganlar.

O‘ta qayta ishlangan mahsulotlar tanaga qanday ta’sir qiladi?

O‘tkazilgan tadqiqotning ilk sinovlarida asosan bu kabi mahsulotlar bilan oziqlangan odamlarda yana ko‘proq yeyish va semirishga moyillik yuzaga kelishi aniqlangan.

Shuningdek, quyidagi salbiy holatlar aniqlangan:

  • Bu mahsulotlar tanaga ko‘p quvvat beradi, ammo ularda oson va xavfsiz hazm bo‘luvchi moddalar miqdori kam.
  • Ularga qo‘shiluvchi qo‘shimchalar xavfsizlik sinovlaridan o‘tgan bo‘lsada, bir vaqtning o‘zida, turli oziq-ovqat mahsulotlaridagi qo‘shimchalarni iste’mol qilish sog‘likka ziyon yetkazishi mumkin.
  • Iste’mol qilish oson bo‘lganidan odamlar bunday mahsulotlarni ko‘p yeydi.
  • Ular meva va sabzavotlar kabi sog‘lom mahsulotlarni iste’moldan siqib chiqaradi - tayyor bananli muzqaymoq turganda, kim ham bananning o‘zini yeyishi mumkin?
  • Olimlar bu farazlarning tadqiqotlar orqali yanada kengroq o‘rganilishi zarurligini eslatib o‘tgan.

Nima qilmoq kerak?

Foto: Getty Images

Britaniyalik parhezshunos olima Viktoriya Teylor ko‘p tavsiya qilinuvchi ovqatlanish tartibiga odatlanish kerakligini aytadi.

Masalan, sanoat ishlovi berilmagan yoki kam ishlov berilgan meva, sabzavot, baliq, yong‘oq, dukkakli ekinlar va boshoqli donlarni ko‘proq iste’mol qilishga odatlanish zarur.

«Shu bilan birga muntazam jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, chekmaslik ham yurak-qontomir kasalliklari xavfini kamaytirishi isbotlangan.»

Tanqid

Foto: Getty Images

Aksariyat kuzatuvchilar oziq-ovqat mahsulotlarini o‘ta qayta ishlangan, deya tasniflashda ko‘plab noizchilliklarga yo‘l qo‘yilishini ta’kidlaydi.

Reding Universitetidan oziqlanish va sog‘liq masalalari bo‘yicha ekspert Ganter Kunlga ko‘ra, salyami kolbasasi kabi mahsulotlar shunday sinfga kiritilgan bir paytda, ko‘plab ishlov bosqichlari va qo‘shimchalarni talab etuvchi pishloq o‘ta qayta ishlangan mahsulotlar ro‘yxatida yo‘q.

«Sog‘liqqa turlicha ta’sir ko‘rsatuvchi keng oziq-ovqat turlarini o‘z ichiga olgan bunday tasniflash tavsiyalar uchun asos bo‘lib xizmat qilishga u qadar yaramaydi».