O‘zbekiston prezidentining 2018-yil 5-iyundagi 3775-qarorida 2019-yil 1-yanvarga qadar Davlat test markaziga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda ilg‘or xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va h.) sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fan test sinovidan ozod qilish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish buyurilgan edi. Ushbu qarordan yoshlar, ziyolilar va el-yurt kelajagi uchun befarq bo‘lmagan millionlab odamlar mamnun bo‘ldi. Chunki yer yuzidagi deyarli barcha nufuzli universitetlar tan oladigan mashhur sertifikatlarning bizda tan olinmasligi juda g‘alati hol edi.

Tayyorlangan qaror loyihasi 2018-yilning noyabr-dekabr oylarida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) joylashtirildi. Loyihada yuqorida tilga olingan sertifikatlarning tan olinishi aytilgan. Biroq loyihaning bir nechta bandi ko‘pchilik mutaxassislar va yoshlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Qaror loyihasida aytilishicha, agar chet tili bakalavriat bosqichiga kirish imtihonlarining 1-blok fani bo‘lsa, DTM tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatning B2 darajasi talab qilinishi kerak. Milliy sertifikatning B1 darajasi talabi endigina yo‘lga qo‘yilayotgan, shu daraja sertifikatini qo‘lga kiritish ham mamlakatimizdagi yoshlarning kamdan-kamiga nasib qilayotgan bir paytda talabning ko‘tarilishi sababini tushunib bo‘lmaydi.

Sohaga aloqasi bo‘lmagan odamning nigohi bilan qaralganda talabning ko‘tarilishi ijobiy narsadek ko‘rinadi, lekin tajribali mutaxassislarning fikricha unday emas.

Amaldagi Davlat ta’lim standartlariga ko‘ra litsey va kollejlar bitiruvchilari chet tili chuqurlashtirib o‘tiladigan yo‘nalishni bitirayotgan bo‘lsa chet tilini B1+, boshqa yo‘nalishni bitirayotgan bo‘lsa B1 darajada bilishi talab qilinadi. Demak, chet tilidan B1, nari borsa B1+ darajani o‘rgatadigan ta’lim dasturlari, darsliklar va o‘qituvchilardan ta’lim olgan bitiruvchilarga o‘zlari egallagan bilimdan yuqori talab qo‘yishni “gummaga pul berib, shashlik olib kelishni buyurish”ga o‘xshatish mumkin.

Bundan tashqari, masalaning boshqa muhim jihatlari bor.

Birinchidan, chet tili bilimlarini DTMning oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida foydalaniladigan, asosan grammatik savollardan iborat bo‘lgan testlar yordamida “aniqlash”, afsuski, hali ham davom etmoqda. Bu ko‘pchilik mutaxassislarning fikriga ko‘ra hozirgi zamonga mutlaqo mos kelmaydigan usul. Chunki til grammatikadangina iborat emas va til bilimini qog‘ozda aks etadigan test savollari bilangina baholab bo‘lmaydi, u eshitiladi, yoziladi va gapiriladi. Grammatikani yaxshi bilish tilni yaxshi biladi, undan foydalana oladi degani emas. Chet tilini bilish darajasini aniqlash, baholash va sertifikat berish amaliyotining yo‘lga qo‘yilishi yuqorida aytilgan muammoni hal qilish yo‘lidagi dadil qadamlardan biridir. Ammo abituriyent uchun qarorda aytilgan B2 darajadan ko‘ra 30 talik “eskicha” testlarga tayyorlanish osonroq, shuning uchun ham zamon talabiga anchagina mos bo‘lgan CEFR testidan ko‘ra o‘sha testlarga tayyorlanishni istovchilar ko‘payadi. Bu esa – orqaga qadamdir.

Ikkinchidan, dunyoning ko‘pgina nufuzli universitetlari ham chet tili talabini nari borsa B2 qilib qo‘yadi, vaholanki, ularda ta’lim aynan shu tilda olib boriladi. Bizning universitetlarimiz bunday nufuzga ega bo‘lmasdan turib ularga kirish uchun talabning qiyinlashtirilishi yoshlarimizning kattagina qismida o‘zimizning universitetlardan ko‘ra talabi osonroq, diplomi esa nufuzliroq bo‘lgan chet el universitetlarini tanlash istagini rag‘batlantiradi. Ular chetda ta’lim olib, yaxshi mutaxassis bo‘lib qaytsa nur ustiga nur, ammo bizdagi mehnat muhiti bilan ularning diplomlari o‘tadigan ilg‘or mamlakatlardagi mehnat muhiti o‘rtasida farq borligi uchun ularning qancha-qanchasi boshqa yurtlarda qolib ketadi.

Uchinchidan, O‘zbekistonda chet tilini B2 darajada biladigan va o‘rgata oladigan o‘qituvchilar kam va buni yashirmaslik kerak. Bu muammo markazdan uzoq, chekka hududlar uchun ayniqsa dolzarb. Ko‘p maktablarda chet tili o‘qituvchisi yetishmaydi. Vaziyat yaxshilanmay turib B2 daraja talab qilish aqlga to‘g‘ri kelmaydigan bir ish.

Qaror loyihasining milliy sertifikatimizga oid bandlari bo‘yichaham muammolar yuzaga keldi. Masalan, shu paytgacha olingan B1 sertifikatlarining taqdiri nima bo‘ladi? Ularning egalari imtiyoz berilgani uchun ham pul to‘lab, o‘qishini rejalashtirib sertifikatga erishgan. Ammo yangi beriladigan B1 sertifikatlariga imtiyoz bermaslik ham adolatdan bo‘lmaydi. Tasavvur qiling, bilimi siznikidan pastroq sherigingiz sertifikat imtiyozi tufayli universitetga kiradi, siz esa yo‘q. Chunki u B1 sertifikatini oldinroq olgan, siz esa keyinroq. Bu sizga qanday ta’sir qilgan bo‘lar edi?

Yuqoridagi muammolarga yechim sifatida quyidagilarni taklif qilaman:

  • ilg‘or xorijiy sertifikatlarga qo‘yiladigan talabni pasaytirish;
  • B1 sertifikati imtiyozini o‘z kuchida qoldirish. Turli bloklar uchun B1 daraja ballarini tabaqalashtirish (masalan, 1-blok 100 ball, 2-blok 90 ball, 3-blok 80 ball);
  • avval olingan B1 sertifikatlari uchun ham ushbu tabaqalashtirishni joriy qilish;
  • universitetlar reytingi va nufuziga ko‘ra chet tili sertifikati darajasi talabini mustaqil belgilash mexanizmini yo‘lga qo‘yish;
  • milliy sertifikat bilan bog‘liq barcha o‘zgarishlarni kelgusi yildan jori etish;
  • DTM CEFR testlarining murakkablik darajasi va sifatini xalqaro CEFR normalaridan oshirib yubormaslik.

Qolaversa, milliy sertifikat tizimiga chet tili bilimlarini baholashning kelajagi sifatida qaralishini xohlayman, eskicha, samarasi past usullarni bosqichma-bosqich zamonaviy usullarga almashtirish, yaqin kelajakda an’anaviy grammatika testlarini qo‘llashga chek qo‘yish kerak deb hisoblayman.

Chet tili fani asosiy fan bo‘lgan yuz minglab yoshlar, o‘qituvchilar, hatto ota-onalar uchun ham shu mashmasha vajidan bu yil juda og‘ir bo‘ldi. Umid qilamanki, mas’ullar aytib o‘tilgan muammolarni hal qilib, bolalarimizning qalbidagi adolatga, kelajakka bo‘lgan ishonchni tiklaydilar.

Alisher Sotivoldiyev,
ingliz tili o‘qituvchisi