Sentyabrdan tungi vaqtlarda viloyatlararo, shaharlararo, xalqaro va turistik yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish faqat maxsus jihozlangan xizmat avtomobillaridan foydalangan holda ichki ishlar organlari hamrohligida amalga oshiriladi. Vazirlar Mahkamasi 22-mayda tasdiqlagan qarorda aytilishicha, bu chora yo‘lovchilarni tashishda yo‘l-transport hodisalariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qabul qilinmoqda.

Qarorga ko‘ra 2019-yil 1-sentyabrdan:

  • tungi vaqtlarda viloyatlararo, shaharlararo, xalqaro va turistik yo‘nalishlar bo‘yicha avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish faqat maxsus jihozlangan xizmat avtomobillaridan foydalangan holda ichki ishlar organlari hamrohligida amalga oshiriladi;
  • bolalar guruhlarini, umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilarini tashish ham faqat maxsus jihozlangan xizmat avtomobillaridan foydalangan holda ichki ishlar organlari hamrohligida amalga oshiriladi;
  • avtobuslarga ichki ishlar organlari davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibida yoki shartnomalar tuzilgan holda pulli asosda hamrohlik qiladi;
  • avtobuslar yo‘lga chiqishdan oldin texnik holati yuzasidan majburiy tekshirishdan o‘tkaziladi;
  • avtobuslar haydovchining toliqqanini nazorat qilish qurilmalari bilan majburiy ta’minlanadi;
  • smenalar o‘rtasidagi dam olish 12 soatdan kam bo‘lgan avtobuslar haydovchilarining safarga chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bolalar guruhlari, maktab o‘quvchilarini soat 22.00 dan soat 05.00 gacha (noyabr-fevral oylarida soat 21.00 dan soat 06.00 gacha) qatnov yo‘llari bo‘yicha tashishda avtobuslarning ichki ishlar organlari hamrohligisiz harakatlanishi takiqlanadi, bolalarni temiryo‘l vokzallari, aeroportlargacha va orqaga tashish, shuningdek, yo‘llarda turib qolishda eng yaqin tunash joyigacha tashish bundan mustasno;

ikki va undan ortiq avtobusda ekskursiya qiluvchi, turistik va boshqa guruhlarni tashish ichki ishlar organlari hamrohligida kolonna tarkibida amalga oshiriladi;

xayriya maqsadlarida tashkil etilgan aholining ijtimoiy zaif toifalari vakillari sirasiga kiradigan ekskursiya qiluvchi, turistik va boshqa guruhlarni tashuvchi avtobuslarga to‘lov undirilmasdan hamrohlik qilinadi;

  • 2021-yil 1-yanvardan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish taqiqlanadi.

Avtobus haydovchilari tungi vaqtlarda ishlashga maxsus kurslarda o‘qitiladi.

2020 – 2035-yillarda xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llarining tashqi yoritilishi ta’minlanadi.