8-avgust kuni yangi turdagi dvigatelni sinovdan o‘tkazish chog‘ida Severodvinsk shahridagi kemada portlash yuz berdi. Rossiya mudofaa vazirligi xabariga qaraganda suyuq yonilg‘ida ishlovchi reaktiv dvigatel portlagan. «Vedomosti» nashri o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, portlash Rossiya HDK tasarrufidagi kema raketasi dvigateli sinovdan o‘tkazilayotganda sodir bo‘lgan.

Bir nechta kishi (ikki yoki uchta, har xil ma’lumot berilmoqda) halok bo‘ldi, 15 kishi jarohatlandi, shundan oltitasi og‘ir jarohat olgan. Bu oltovlon darhol sanitar aviatsiyasi samolyotida Moskvaga jo‘natilgan.

Jarohatlanganlarga ikkita tashxis qo‘yilayapti:

  • Birinchisi aniq: portlash tufayli yetkazilgan og‘ir jarohatlar, bunday jarohatni odam portlash joyiga yaqin turganda oladi.
  • Ikkinchi tashxis: radiatsion nurlanish.

Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, portlashdan so‘ng Arxangelsk viloyatidagi radiatsion vaziyat me’yoridagidek qolmoqda. Lekin Severodvinsk ma’muriyati mahalliy vaqt bilan 11:50 da nurlanish ko‘rsatkichi qisqa muddat oshganini ma’lum qildi.

Mudofaa vazirligidagi bir necha manbaning so‘zlariga ko‘ra yaradorlar shifoxonaga yotqizilganidan so‘ng darhol ularning barcha kiyimlari yoqib yuborilgan. Kimyoviy himoya kostyumlari va jabrlanuvchilarga birinchi bo‘lib yordam ko‘rsatgan shifokorlarning kiyimlari ham shu tariqa yo‘q qilingan.

Bu Mudofaa vazirligi ob’yektlarida oxirgi oylarda yuz bergan uchinchi yirik favqulodda hodisadir. 1-iyul kuni Barens dengizida Rossiya HDFning suvga chuqur sho‘ng‘uvchi apparatida yuz bergan yong‘in tufayli 14 dengizchi halok bo‘ldi. 5-avgust kuni Krasnoyar o‘lkasidagi harbiy qismlardan birining o‘q-dori omborida yong‘in yuz berdi; bir kishi halok bo‘ldi, 16 ming kishi ko‘chirildi.