Rossiyaning Arxangelsk shahrida bo‘ladigan Arctic open kinofestivalining badiiy filmlarni baholash hakamlar hay’atiga o‘zbek rejissyori Yusuf Roziqov rahbarlik qiladi.

Kinofestival 4–8-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Festivalning eng yaxshi filmlari kinoforum marafonida namoyish etiladi. Bundan avvalgi Arctic open kinofestivalida 53 ta kinokartina taqdim etilgan va filmlarni 5 mingdan ortiq kishi tomosha qilgan.

O‘tgan yilgi kinofestivalda Yusuf Roziqovning "Turkcha egar" filmi “Eng yaxshi ssenariy uchun” nominatsiyasi bo‘yicha mukofotni qo‘lga kiritgan.

Roziqov aktyor sifatida 1972-yilda kinoda debyut qilgan, 1990-yilda ilk rejissyorlik ishi – "Eski ustozning vasiyati" filmini suratga olgan va o‘zi bosh rolni ijro etgan.

Faoliyati davomida 20 dan ortiq film ishlagan, ular orasida eng mashhurlari "Gastarbayter" va "Uyat" filmlaridir. Roziqov, shuningdek, "Zodiak zarbasi", "Kambag‘al qarindoshlar", "Sklifosovskiy" va boshqa mashhur seriallarning ssenariy muallifi sifatida ham tanilgan.

Kinofestivalning qisqa metrajli filmlar nominatsiyasi hakamlar hay’ati raisi kanadalik Denni Lennon bo‘ldi.