Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada o‘tkazilgan eng katta va batafsil tadqiqot natijalariga ko‘ra arablar orasida dinsizlar ko‘paymoqda. Arablarning ayol huquqi, migratsiya va jinsiylik (sexuality) kabi masalalarga munosabati ham o‘zgara boshlagan.

Arab Barometer tadqiqot markazi o‘tkazgan so‘rovda 2018-yil oxiri va 2019-yil bahor oylarida 10 ta mamlakatdan 25 mingdan ortiq odam qatnashgan.

Arablardagi jarayonlar biz uchun nega muhim: o‘zbek jamiyati tobora "yaqinsharqlashayapti". Ya’ni, iqtisodiy tuzilishi, demografiyasi va fikrlash tarziga ko‘ra Markaziy Osiyo Sharqiy Yevropa yoki Afrika emas, aynan Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasiga o‘xshashdir. Shuning uchun u yerda bo‘layotgan (ijobiy va salbiy) jarayonlar o‘zbek jamiyatiga ham ta’sir qilmoqda. Kelajakda bu ta’sir faqatgina kuchayishi kutilayapti.

Tadqiqotning quyidagi ayrim natijalari o‘zbek jamiyatidagi kayfiyatlar haqida ham ozgina tushuncha beradi.

Arablar orasida dinga befarqlar ko‘paymoqda

2013-yildan beri Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida o‘zni "dindor emas" deb hisoblaguvchilar soni 8 foizdan 13 foizga ortgan. Tadqiqotga ko‘ra ayniqsa 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar orasida (18 foizi) o‘zini dindor emas deb hisoblaydiganlar ko‘paygan. Arab davlatlari orasida faqat Yamanda dinsizlar soni kamaygan, qolgan barchasida o‘sgan.

Arablar ayollar siyosat bilan shug‘ullanishiga qarshi emas

Arab davlatlarida ko‘pchilik ayollar siyosat bilan shug‘ullanishiga qarshi emas. Ayol bosh vazir yoki prezident bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi. Faqat Jazoirda so‘ralganlarning 50 foizdan kamrog‘i ayollar davlat rahbari bo‘lishiga xayrixohlik bildirgan.

Lekin oilaviy masalalarga kelganda ko‘pchilik, xususan ko‘pchilik ayollar ham oilada erkak yakuniy qaror qabul qilishi kerak deb hisoblaydi. Faqatgina Marokashda 50 foizdan kamroq odam yakuniy qaror erkakniki bo‘lishi kerak degan fikrda.

Tramp Putinga yutqazdi, lekin ikkisidan ham Erdo‘g‘on o‘tib ketdi

So‘rovda Erdo‘g‘on, Putin va Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha yuritayotgan siyosati ham solishtirilgan. Qatnashchilar AQSH prezidentining siyosatini oxirgi o‘ringa qo‘yishgan. Aksincha, respondentlarning yarmidan ko‘prog‘i Turkiya rahbarining siyosatiga xayrixohlik bildirgan. Livan, Liviya va Misr Rossiya prezidentini Erdo‘g‘ondan ustun ko‘rgan.

Arablar "surish" ilinjida

Har beshta arabdan bittasi mamlakatidan ketmoqchi. Sudanda aholining yarmi muhojir bo‘lishga tayyor. Muhojirlikka asosiy sabab sifatida iqtisodiy qiyinchilik aytilgan. Yevropa arablar uchun hamon eng istalgan manzil, lekin AQSH va Kanadaning ahamiyati ham oshgan.

Isroil "katta shayton", AQSH "kichik shayton", Eron ham ulardan qolishmaydi

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika uchun xavfsizlik masalasi hamon iqtisodiy masalalardan ustun kelmoqda. So‘rovlarda mintaqaning barqarorligi va milliy xavfsizligi uchun eng katta tahdid deb Isroil va AQSH e’tirof etilgan. Eron uchinchi o‘rinda kelmoqda.

Chart showing that Israel is considered the greatest foreign threat by most areas, followed by the United States.