Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari samaradorligini tubdan oshirishga qaratilgan prezident qarorining loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tayyorlagan hujjatdan ko‘zlangan maqsad davlat va jamiyat boshqaruvi organlarini xalqqa yaqinroq qilish, jamoatchilikka tezkor, xolis va to‘laqonli axborot yetkazish.

Qaror o‘zgarmasdan qabul qilinsa, AOKAning mavqei ancha oshishi kutilmoqda.

Xususan, AOKA quyidagi vakolatlarga ega bo‘ladi:

  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar axborot xizmatlarining rahbarlari va boshqaruv xodimlari, chet eldagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalarida axborot ishi bo‘yicha maslahatchilar AOKA bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va matbuot kotiblari har chorakda agentlikka hisobot taqdim etadi;
  • Prezident administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, respublika vazirliklari va idoralari tomonidan qabul qilinishi rejalangan huquqiy-me’yoriy hujjatlarning, shuningdek, tashkiliy chora-tadbirlarni yoritishning agentlik bilan oldindan kelishish tartibi o‘rnatiladi;
  • OAV va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan "aholining keng qatlamiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ma’lumotlar"ni aniqlaydi va tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar axborot xizmatlariga munosabat bildirish uchun yuboradi;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlar axborot xizmatlari xodimlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib borish, jumladan, davlat mukofotlariga tavsiya etish choralarini ko‘radi.

Chet eldagi elchixonalar ham "xorijiy ishbilarmonlik doiralari, tadbirkorlar, salohiyatli investorlar, davlat va jamoat arboblari o‘rtasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, biznes uchun yaratilgan qulay sharoitlar to‘g‘risida keng ma’lumot berish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilgan ishlar natijalari" bo‘yicha har chorak agentlikka hisobot taqdim etadi.

Hujjat bilan axborot xizmati rahbari bir vaqtning o‘zida davlat organi va boshqa tashkilot rahbarining matbuot kotibi hisoblanishi hamda axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi maqomiga ega bo‘lishi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra davlat organi va boshqa tashkilot rahbarining o‘rinbosariga tenglashtirilishi ko‘zlangan.

Axborot xizmatlari xodimlari bir yilda kamida bir marta chet elda stajirovka o‘taydi.

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yangi fakultet hamda matbuot kotibi tayyorlash bo‘yicha magistratura ochiladi.