Bosh prokuratura Andijondagi ko‘zbo‘yamachilik bo‘yicha zudlik bilan aybdorlarni jazolashni va bu kabi holatlarga chek qo‘yishni Andijon viloyati hokimidan talab qildi. Bu haqda 14-iyunda AOKAda o‘tgan brifingda idora mutasaddilari ma’lum qilgan.

Bosh prokuratura Andijon shahrida bir necha ayol bepul kottej olgani haqida intervyu berishga majburlangani yuzasidan o‘rganish olib borgan.

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha:

  • muhtojlarni uy bilan ta’minlash maqsadida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani Xo‘jaobod massivida 2 sotixli 592 ta kottej qurilgan;
  • fevral-mart oylarida viloyat hokimligining mas’ul shaxsi (kimligi aytilmagan) «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi» MCHJning uyga muhtoj 6 ishchisiga (X.Tillayeva, M.Rahimova, Sh.Bakirova, X.Ermatova, Z.Abduvaliyeva va D.Hojimatova) shu hududda qurilayotgan kottejlardan berilishini aytgan;
  • keyinchalik «O‘zbekiston 24» telekanali orqali 2019-yil 31-mart, 3-may va 16-may kunlari ishchilarga sovg‘a sifatida kottej berilgani haqida lavhalar ko‘rsatilgan, 16-may kuni ular oila a’zolari bilan birga kottejlarga kiritilgan;
  • prezident tashrifi doirasida faqat ishchilardan biriga (D.Hojimatova) kottej sovg‘a qilingan, tashrifdan so‘ng viloyat hokimligi mas’ul shaxsining talabiga binoan qolgan 5 ishchi (X.Tillayeva, M.Rahimova, Sh.Bakirova, X.Ermatova va Z.Abduvaliyeva) qurilayotgan 4 qavatli uylardan xonadon ajratish va’da qilingan holda kottejlardan ko‘chirilgan;
  • shundan so‘ng ular qator davlat tashkilotlariga murojaat qilgan, X.Tillayeva hokimiyat aldagani haqidagi videomurojaatni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan;
  • murojaatlardan so‘ng 22-mayda «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi» MCHJ ularning ish haqi va korxona daromadlari hisobidan 4 qavatli uy uchun dastlabki badal to‘lovini o‘tkazgan.

Shunday qilib, Andijon viloyati hokimligi mutasaddilari 5 nafar ehtiyojmand ishchiga kottej berilishini va’da qilgan, ulardan bu haqda OAVga intervyular olishgan, uy egasi sifatida kottejlarga kiritib qo‘yishgan.

Biroq yakunda ularga kottej ajratilmasdan, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilgan.

Avvalroq Andijon shahar hokimi Shuhratbek Abdurahmonov mutasaddilar uni aldaganini aytgan ayolni noshukurlikda ayblagan edi.

«Bu yerda bitta xatolik o‘tgan bulardan endi, shu uylarga olib kirishib, mana shu uylar sizlarniki deb, haligi otdel kadrmi, shu yerda ishlayotgan gapirgan. Gap ketgan xolos bu yerda. Lekin u qiz intervyu bergan bo‘lsa, onasining uyida intervyu berdi. Bu yerda ham onasi bilan birga yashab kelgan-ku shu paytgacha u. Nima bo‘pti onasining uyida intervyu bergan bo‘lsa? Buning nima xatoligi bor? Endi chiroyli ko‘rinib ketib, u qizimiz haligi to‘qlikka sho‘xlik degan narsani, sizlarga uch marta qaytaraman. Nima yerda yashayotuvdingizu, nima yerga olib chiqayapmiz sizni», – deya minnat qilgan viloyat hokimi.

Gazeta.uz nashriga bergan intervyusida Andijon viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova ko‘zbo‘yamachilik bo‘lganini tan olgan. Biroq, uning gaplariga ko‘ra, ayollarni ilhomlashtirish uchungina uylar ularniki deb aytilgan.