Bu borada bir-biriga zid ikki qarash mavjud.

Birinchi qarash – Eron g‘araz maqsad ila tayyorgarlik ko‘rmoqda va AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati shu qarashni tinmay takrorlashni xush ko‘radi.

Oq uy Eron AQSHga qarshi ehtimoliy hujumlar uyushtirishga tayyorlanayotganini ta’kidlaydi, ammo bu iddao yuzasidan hozirga qadar aniq tafsilotlarni oshkor qilmagan.

AQSH o‘z qurolli kuchlarini Yaqin Sharq mintaqasiga yaqinlashtirmoqda; Iroqdagi diplomatik missiyasi xodimlari sonini qisqartirmoqda va Vashingtonning harbiy harakatlar rejasini ko‘rib chiqayotgani xabar qilinmoqda.

Prezident Tramp ma’muriyati Tehronni aynan nimadan ogohlantirayotgani ravshan: Eron bo‘ladimi yoki u mintaqada dastaklab keladigan guruhlar yo ittifoqchilari – AQSHga qarshi har qanday xurujga nisbatan jiddiy harbiy javob qaytariladi.

Ikkinchi qarash – yuzaga kelayotgan inqirozda Vashingtonning o‘zi aybdor.

Ajablanarli jihati yo‘q, Eron ayni ushbu qarashni ilgari suradi. Biroq Tramp ma’muriyatining ko‘plab tanqidchilari ham aynan shunday fikrda.

Bundan tashqari, AQSHning Yevropadagi ayrim muhim ittifoqchilari ham janob Trampning Yaqin Sharq siyosati bo‘yicha turli darajada xavotir bildirmoqda.

Ushbu qarashni ilgari surayotganlar prezident Tramp ma’muriyatining ayrim vakillari – milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Jon Bolton yoki davlat kotibi Mayk Pompeo – Tehron tuzumini o‘zgartirishni istamoqda, agar ular iqtisodiy sanksiyalar ish bermasa, ma’lum sharoitlarda harbiy chora istisno qilinmasligiga ishonadi deydi.

Yuqorida tilga olingan qarashlar mavjud voqelikning ikki turlicha talqinidir va ikkisida ham ko‘plab noxolisliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Biz yuzlashib turgan voqelik shuki, AQSH va Eron o‘rtasidagi urush ehtimoli – biroq bunday inqirozning oldindan rejalanmagan holatlar tufayli yuzaga kelish ehtimoli yuqori – bugun janob Tramp hokimiyatga kelgan har qanday vaqtdan ko‘ra kuchaygancha qolmoqda.

Yaqin Sharqda ziddiyatlar yaqqol ortmoqda

2015-yildagi xalqaro yadro shartnomasiga binoan olib tashlangan, ammo keyinchalik yana joriy etilgan AQSH sanksiyalari Eron iqtisodiyotini holdan toydirmoqda.

Eron esa yadro dasturini qaytadan ishga tushirish bilan dunyoga tahdid qilayapti.

Prezident Tramp bir yil avval AQSHni Eron yadro dasturini tizginlash bo‘yicha erishilgan xalqaro bitimdan chiqarib olgan va Tehronga qarshi keng ko‘lamli bosim o‘tkazish siyosatini boshlagan edi.

Eron esa Yevropa davlatlarini o‘ziga iqtisodiy ko‘mak ko‘rsatishga undamoqda, agar ular mamlakatning cho‘kib borayotgan iqtisodiyotini saqlab qolish chorasini ko‘rmasa yadro bitimini bekor qilishini ta’kidlamoqda.

Bunday holat faqat prezident Tramp ma’muriyati manfaatiga ishlashi mumkin.

Endilikda ko‘p narsa Oq uy ichida davom etayotgan muhokamalar va rejalarga bog‘liqligicha qolmoqda.

Xalqaro matbuotda ketma-ket e’lon qilinayotgan maqolalardan prezident Trampning urushga ro‘yxushligi yo‘qligini anglash mumkin, lekin uning hukumati a’zolari bu borada yakdil fikrga kela olmagani ham ko‘rinadi.

Qudratga kelgandan boshlab janob Tramp xorijdagi AQSH harbiy harakatlarini dastaklamasligi bilan ma’lum. Biroq AQSH harbiy kuchlari yoki bazalari hujumga uchragan taqdirda, prezident Trampning qo‘l qovushtirib o‘tirishiga ishonish qiyin.

Bir vaqtning o‘zida Vashingtonning mintaqadagi ittifoqchilari Isroil va Saudiya Arabistoni Eronga qarshi davom etayotgan bosimlarni bir chetdan turib olqishlayotgan bo‘lsa, janob Trampning yevropalik hamkorlari vaziyatdan tashvishga tushmoqda.

Ayni damda Eron va AQSH o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy ziddiyatni 2003-yilda boshlangan Iroq urushiga mengzaydiganlar talaygina. Biroq bu to‘g‘ri qiyoslash bo‘lmaydi.

Eron Saddam Husayn Iroqidan juda katta farq qiladi.

Urush boshlangan taqdirda ham u keng ko‘lamda olib borilmaydi.

Buning o‘rniga asosan suv va havoda harbiy harakatlar olib boriladi hamda Eronning qarshiligi ham anchayin jiddiy bo‘ladi. Eron bilan boshlanadigan urush butun Yaqin Sharqni olov ichida qoldirishi mumkin.

Janob Tramp prezidentga aylangan paytlar AQSHning tashqi siyosatiga jiddiy putur yetishini bashorat qilganlar ham bo‘lgan edi.

Bugungi kunda Eron atrofida shakllanib kelayotgan vaziyat AQSH tashqi siyosatida ko‘p tomonlama inqiroz shakllanganini ko‘rsatmoqda: xalqaro bitimlarni xush ko‘rmaslik; mintaqaviy ittifoqchilarga haddan ziyod suyanish; uzoq vaqt AQSH hamkori bo‘lib kelgan NATO davlatlari bilan aloqalarning sovuqlashib ketishi; va hammasidan ham muhimi – Vashingtonning real strategik manfaatlarini aniqlay olmaslik va ilgari surolmaslik.

Dunyoda qudratli davlatlar raqobati oshayotgan, AQSH kuchiga kuch qo‘shilayotgan Xitoy va oyoqqa turayotgan Rossiyaga qarshi o‘z qurolli kuchlari salohiyatini kuchaytirishga tirishayotgan bir paytda Eron Vashingtonning strategik maqsadlarida qanday o‘rinni egallab turibdi?

Eron global ta’sirga ega inqirozga sabab bo‘la oladimi? AQSH tashqi siyosati bo‘yicha ko‘plab tahlilchilar bu savolga yo‘q deb javob beradi.

Aksar ekspertlar Tehronni tizginlab turish zarurligini ta’kidlaydi, ammo ochiq urushga sabab bo‘luvchi harakatlar hozircha kuzatilmayotganini aytadi.

Mabodo urush boshlangan taqdirda ham bu eronliklar va amerikaliklarning o‘z xatolari mevasi bo‘ladi.