Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov vazirlik taklif etgan «nufuzli» maktablarga bolani joylashtirishning antikorrupsion mexanizmini batafsil izohladi.

Bundan keyingi matn Xalq ta’limi vazirining «Facebook»dagi sahifasidan tarjima qilingan.

Har yili har xil «nufuzli va katta» tashkilotlarda ishlaydigan turli-tuman odamlardan Toshkentdagi «nufuzli maktab»larga bolasini o‘qishga joylashtirishni «qattiq iltimos qilgan» qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Shunday maktablardan birining direktorining ma’lum qilishicha, bultur bunday «qo‘ng‘iroqchilar» soni 100 kishidan oshib ketgan!

Buning ustiga bolasini shunday «nufuzli maktab»ga joylashtirish uchun ota-onalar o‘rtakashlar va ta’lim tizimining ba’zi nopok xodimlariga «hammaga ma’lum bo‘lgan» stavkalarda noqonuniy ravishda pul to‘lashgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi so‘rovlarning ko‘rsatishicha, farzandini maktabga joylash uchun respondentlarning aksariyati shu stavkadagi pulni to‘lashgan yoki qurilish materiallari va boshqa narsalarni berishgan.

Eng yomoni, bundan shu maktab mikrohududida yashasa-da bolasini mazkur maktabga joylay olmagan ota-onalar jabr chekkan. Bu holatda baloga qolgan kim – maktab direktori. Hatto kimdir bolasini pul to‘lamay, «yuqoridan» bosim o‘tkazib yoki «qo‘rqitib, majburlab» joylagan bo‘lsa ham har doim «masalani hal qilish uchun pora olgan» deb direktorini malomat qilishgan.

Masalan, quyidagi jadvalda Toshkentdagi talab katta bo‘lgan 8 ta maktab ko‘rsatilgan. Ushbu maktablardagi o‘quvchilar soni o‘quvchilar o‘rnidan ikki barobardan ham ko‘p, ya’ni hatto ikki navbatda ham normal o‘quv jarayonini tashkil qilishning imkoni yo‘q. Shu maktablar misolida ko‘rinib turibdiki, o‘tgan yili birinchi sinf o‘quvchilarining 70-90 foizi boshqa mikrohududlardan qabul qilingan, ularning aksariyati «qo‘ng‘iroqchi»larning bolalaridir.

Foto: Kun.uz

Ya’ni shuncha bola turli tashkilotlarning «qo‘ng‘iroqlari bilan» o‘qishga qabul qilingan. Endi ularning «qo‘ng‘iroqlari» o‘tmaydi! Endi ushbu maktablarning direktorlari hech kimni o‘z bilganicha o‘qishga qabul qilolmaydi, shuning uchun ularga (bizga ham!) murojaat qilish befoyda. Hamma hujjatlar Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining yagona darcha markazlari orqali topshiriladi.

Uzoqqa bormasdan internetdan «Toshkentdagi maktab direktori bolani birinchi sinfga qabul qilish uchun pul so‘radi» deb qidirib ko‘ramiz. Chiqqan maqolalarni ochib o‘qirmanlarning izohlarini ko‘rib chiqamiz. Buni qarangki, biz aytayotgan gaplarning hammasi qayta-qayta aytilgan ekan.

Shuning uchun biz o‘tgan yili «...endi maktab direktorlari berilgan imkoniyatlardan foydalanib halol va qonuniy ishlashlari kerak. Poytaxt maktablari boshqa barcha maktablar uchun namuna bo‘lishlari lozim. Bolalarni talab yuqori bo‘lgan ta’lim muassasalariga qabul qilishdagi korrupsiyaga barham berish uchun keyingi yildan boshlab ushbu maktablarga bolalar Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi. Shu tariqa ayrim noinsof rahbarlar va ularning o‘rtakashlarining yuqori talabdan noqonuniy boylik orttirish maqsadida foydalanishiga chek qo‘yish rejalashtirilayapti» deb e’lon qilganmiz.

Shu bilan birga talab yuqori bo‘lgan maktablarga o‘z brendi bilan maktablar tarmog‘ini tashkil etish huquqi beriladi, bu esa maktablarda joy yetishmasligi va korrupsiya omillarining kamayishiga yordam beradi.

Yil bo‘yi shunga tayyorgarlik ko‘rildi – biz jamoatchilikning shikoyat va murojaatlarini, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi turli xil fikrlarni o‘rgandik, xorijiy mamlakatlarning tajribasini tahlil qildik, bolalarni maktabga qabul qilish tartibining har xil variantlarini ishlab chiqdik, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida ekspertlar va maktab direktorlari bilan ushbu masalani muhokama qildik.

Turli darajadagi muhokamalardan so‘ng korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida 2019-yil 7-iyunda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq talab yuqori bo‘lgan maktablarga (Toshkent shahridagi 81 ta davlat maktabi) bolalar faqat davlat xizmatlari markazlari yoki Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali (IDXYP) orqali qabul qilinadi.

Keling, hozirgi vaziyatni miridan sirigacha ko‘rib chiqamiz va yangi tartib bilan qiyoslaymiz.

1. Mikrohududdan tashqari maktablarga bolani joylashtirish

Hozirgi tartib: ota-onalar bolalarini mikrohududdan tashqaridagi maktabga joylashtirish uchun pora berishga yoki tanish-bilishlarini ishga solishga harakat qilishadi, bu esa sinfdagi o‘quvchilar soni me’yoridan oshib ketishiga olib keladi. Oqibatda, (1) mikrohududdagi bolalar ushbu maktablarda o‘qiy olmaydi, (2) sinflardagi bolalar soni ko‘pligi ta’lim sifatining pasayishiga olib keladi, (3) maktabga qatnashda uzoq yo‘l bosishning surunkali tus olishi bolaning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladi. Bu korrupsiya va poraxo‘rlikni keltirib chiqardi.

Ya’ni ota-onalar bolasini shunday maktablarga joylash uchun pora berishgan yoki «nufuzli idora»larda ishlovchi tanish-bilishlaridan foydalanishgan, shu jumladan shu maktab mikrohududida yashovchi ota-onalar ham.

Yangi tartib: hammasi davlat xizmatlari markazlari orqali hal bo‘ladi va maktab direktorlari qabul jarayoniga aralashmaydi: ushbu mikrohududda yashaydigan, ta’lim beriladigan tilni yetarli darajada biladigan yetti yashar bolalar hech qanday qo‘shimcha talablarsiz, bepul o‘qishga qabul qilinadi.

Kimdir bolasini mikrohududdan tashqaridagi maktabga joylashni xohlasa pora berishiga yoki «qo‘li uzun» tanishlarini ishga solishiga hojat yo‘q.

Maktabga tushgan mablag‘lar maktabning nufuzi oshishiga hissa qo‘shgan muallimlar jamoasini moddiy rag‘batlantirishga sarflanadi.

Foydali tomoni: o‘quvchilar maktablarga me’yorida taqsimlanadi, korrupsiya kamayadi, muallimlarni rasman rag‘batlantirish ko‘payadi.

  1. Ilgari «nufuzli maktab» mikrohududida yashovchi bolalar bu maktabga joylasholmas edi. Endi hamma bolalar o‘z mikrohududidagi maktabda hech qanday to‘sqinliksiz va bepul ta’lim olishi mumkin.
  2. Bu maktablardagi sinflarda hozirgidek 45-50 o‘quvchi emas, 35 nafargacha o‘quvchi bo‘ladi.
  3. Direktor «alohida iltimoslar»ni bajarishdan ozod bo‘ladi va hamma o‘quvchilar maktabga davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi.
  4. Muvaffaqiyatli ishlayotgan direktorlar past koeffitsiyentli maktablarda ta’lim sifatini oshirish uchun «tarmoq maktablari» ochilishidan manfaatdor bo‘ladi.

2. Yoshi yetmagan bolani maktabga joylashtirish

Hozirgi tartib: bolalarni 7 yoshdan maktabga berish belgilangan bo‘lsa-da, ayrim ota-onalar 6 yoshdan berishga harakat qilishadi. Oqibatda o‘qituvchi bunday bola bilan ko‘proq ishlab, butun sinfga kam e’tibor qaratishiga to‘g‘ri keladi, bu esa butun sinfning o‘quv dasturidan ortda qolishiga olib keladi.

Ota-onalar 6 yashar bolasini nufuzli maktablarga joylash uchun pora berishgan yoki «gapi o‘tadigan» tanish-bilishlaridan foydalanishgan.

Yangi tartib: bolaga 1-sinfda o‘zidan bir yosh katta bolalar bilan majburan o‘qishdan ko‘ra yana bir yil bog‘chaga yoki «nulinchi» tayyorlov sinfiga qatnash ancha oson va qulay.

Agar kimdir 7 yoshga to‘lmagan farzandini maktabga joylashni xohlasa pora berishiga yoki «bitta telefon bilan joylab qo‘yadigan» tanish-bilish izlashiga hojat yo‘q.

Maktab byudjetiga tushadigan mablag‘lar shunday bolalar bilan ko‘proq ishlashiga to‘g‘ri keladigan muallimlarni moddiy rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Foydali tomoni: kamroq ota-onalar 7 yoshga to‘lmagan bolalarini maktabga berishga harakat qilishadi.

3. Tilni yetarli bilmaydigan bolani maktabga joylashtirish

Hozirgi tartib: o‘qitiladigan tilni yetarli darajada bilmaydigan bolalarni maktabga berishga harakat qilishadi, natijada ularning moslashishi juda qiyin kechadi, o‘qituvchilar ham ko‘p vaqtini sarflab, bunday bolalar bilan qo‘shimcha ishlashlariga to‘g‘ri keladi. Bu butun sinfning yangi materiallarni o‘zlashtirishini qiyinlashtiradi, shuningdek butun sinfda ta’lim sifati pasayishiga olib keladi.

Ota-onalar ta’lim beriladigan tilni bilmaydigan bolasini nufuzli maktabga joylash uchun pora berishgan yoki «gapi o‘tadigan» tanishlarini ishga solishgan.

Yangi tartib: bolaga ona tilida o‘qish oson va qulaydir, bu unga materiallarni oson o‘zlashtirish imkonini berib, o‘ziga, o‘z bilimiga ishonchini orttiradi.

Foydali tomoni: ota-onalarga bolasi maktab materialini zo‘riqmasdan o‘zlashtirishi uchun uni ona tilida ta’lim beriladigan maktabga berish foydaliroqdir. Chunki ota-onalar uchun bolaning sog‘lig‘i, maktab va hayotda muvaffaqiyatga erishishi hamma narsadan muhimdir.

Bu yil mamlakatimiz poytaxtining talab yuqori bo‘lgan 81 ta maktabiga boradigan birinchi sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalariga qulay bo‘lishi uchun qabul davlat xizmatlari markazlari yoki IDXYaP orqali o‘z vaqtida, qulay va shaffof tarzda tashkil etiladi. Yangi tizim keyingi yillardan boshlab mamlakatimizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bu bolalarni pul evaziga 1-sinfga joylashga harakat qiluvchi insofsiz odamlarning urinishlariga chek qo‘yadi. Aksincha, agar ota-onalar yetti yashar farzandini o‘z mikrohududidagi maktabga olib borsa va bola ta’lim beriladigan tilni bilsa hech kimga pul yo biron narsa berish shart emas. U o‘z maktabiga, hatta u talab yuqori bo‘lgan nufuzli maktab bo‘lsa ham asosiy kvota bo‘yicha qabul qilinadi! Holbuki ilgari buning deyarli iloji bo‘lmagan.

Qo‘shimcha kvota maktabning imkoniyatidan kelib chiqib belgilanadi va (1) mikrohududdan tashqarida yashovchi maktab yoshidagi bolalarga; (2) mikrohudud va uning tashqarisida yashovchi, 1 sentyabrgacha 6 yoshga to‘ladigan bolalarga; shuningdek (3) ta’lim beriladigan tilni yetarlicha bilmaydigan bolalarga mo‘ljallangan bo‘ladi. Hammasi juda oson, davlat xizmatlari markaziga yoki IDXYPga murojaat qilasiz, qo‘shimcha kvotada joy bor bo‘lsa pulini to‘lab kvitansiya olasiz va farzandingiz 1-sinfga qabul qilinadi. O‘rtakashlar va poraxo‘rlarga bir tiyin ham bermaysiz!

Eng muhimi, hech kim ota-onalarni pul to‘lashga majburlamaydi (qo‘shimcha kvota haqida o‘ylamasangiz ham bo‘ladi). Ota-onalar bolasini hech qanday muammosiz, to‘lovsiz yaqin oradagi maktabga joylashlari mumkin. U yerda esa ta’lim sifatini oshirish uchun direktorning mas’uliyatini oshirish maqsadida maktab kuzatuv kengashi ishida faol qatnashishingiz mumkin.

«To‘g‘risini aytganda, hozirgi tizim ta’lim sohasida ishlovchi rahbarlar uchun ancha qulay edi, chunki nazorat qiluvchi va tekshiruvchi har xil organlar va tashkilotlarning ularga tez-tez «ishi tushar», kerak bo‘lganda ular ham mazkur tashkilotlardan «yordam» so‘ray olar edi.

Ularga qolsa, hammasi o‘z holicha qolsa ham yaxshi edi…», – deb xulosa qilgan vazir.