Alpinist Nirmal Purja olgan surat ko‘pchilikning ovloq, kimsasiz Jomolungma cho‘qqisi haqidagi tasavvurini yo‘qqa chiqargan – cho‘qqiga shu qadar ko‘p alpinist chiqqanki, navbat paydo bo‘lgan.

O‘tgan hafta cho‘qqiga chiqmoqchi bo‘lgan 7 alpinist o‘lgan edi. Shunga qaramay talabgorlarning keti uzilmayapti.

Cho‘qqida navbat paydo bo‘lishi mavsumda odatiy hol hisoblanadi. Ba’zida 20 daqiqadan 1,5 soatgacha navbatda turish kerak bo‘ladi.

Jomolungmadagi gavjumlik birinchi marta OAV e’tiboriga tushayotgani yo‘q. 2012-yili nemis alpinisti Ralf Dujmovits olgan surat ham tez tarqalib, e’tiborga tushgan.

Ralf Dujmovits 2012 yili olgan surat.

Ralf Dujmovits 1992-yili 8000 metrdan baland cho‘qqini zabt etgandan so‘ng unga yana 6 marta ko‘tarilgan. Uning aytishicha, cho‘qqida bunday navbatning hosil bo‘lishi alpinistlar hayotiga xavfni yanada orttiradi. “Odamlar navbat kutar ekan, ularda kislorod taqchilligi boshlanadi, qaytib tushish uchun organizmiga kislorod yetmay qolishi mumkin. Agar shamolning tezligi soatiga 15 km.dan baland bo‘lsa, kislorodsiz hech narsa qilolmaysiz. Tana ko‘p miqdorda issiqlik yo‘qotadi”, – deydi u.

Alpinistlar bir-birining kislorod silindlarini o‘g‘irlash holatlar kuzatilib turadi. Kislorodini o‘g‘irlatib qo‘yish egasi uchun o‘lim bilan barobar bo‘lishi mumkin.

Gavjumlik sabablari nimada?

  • Havo ochiq kunlarning oz bo‘lishi tufayli muayyan kunlarda ko‘p sonli alpinistlar bir vaqtda cho‘qqiga intiladi. Oqibatda cho‘qqi yo‘lida navbat paydo bo‘ladi.
  • Alpinizmning avvalgiga nisbatan ommalashib borayotgani.

Yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagan alpinistlarning cho‘qqiga chiqishga urinishi. Buning oqibatida nafaqat o‘sha alpinistning o‘zi, uning sheriklari ham sekin harakat qiladi. Qatnov sur’ati pasayadi. Tirbandlik paydo bo‘la boshlaydi. Odamlar bir arqonga tizilib harakat qiladi. Hamma bir-birining yurishiga qarashga majbur.