Xorijga chiqish pasporti ololmayotgan fotojurnalist Temur Karpovga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov pasportni olishga yordam berishni va’da qildi.

Temur Karpov chorshanba kuni O‘zbekiston hukumatiga videomurojaat qilib, uch oy muqaddam xorijga chiqish pasportini olish uchun ariza topshirgani, unga pasport berilishi «maqsadga muvofiq emas» degan javob olgani haqida gapirgan.

«O‘zbekiston hukumati juda ko‘p katta va’dalar beradi, chiroyli gaplar aytadi, lekin ularning amali so‘ziga zid. Hukumatga so‘zim shu: erkinlikni cheklashni bas qiling», – degan u murojaatida.

Komil Allamjonov fotojurnalistning murojaatiga javob qaytargan.

«Biz Temur bilan uchrashib, ushbu masalani atroflicha o‘rgandik va tegishli davlat organlari bilan uni hal etish choralarini ko‘rdik. Temur ertagayoq Yashnobod tumani xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga borib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgandan so‘ng unga belgilangan tartib va muddatda chet elga chiqish pasporti beriladi», – degan agentlik direktori.

Temur Karpov taniqli fotograf Umida Ahmedova va rejissyor Oleg Karpovning farzandi, Rossiyaning nufuzli OAV bilan fotomuxbir sifatida hamkorlik qiladi.

Komil Allamjonov, shuningdek, biroz avval Insta-bloger Aziz Ashurbayevning telefoni va sahifasini soliqchilar olib qo‘yganiga ham munosabat bildirgan edi.

«Davlat soliq qo‘mitasining blogerlarni jazoga tortishdan ko‘ra muhimroq ishlari ham bor. Soliqchilarimiz blogerlarni soliqqa tortish yoki ularga yuqoridagidek zo‘ravonlik qilishdan avval tizimdagi korrupsiyani yo‘qotish, xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish kabi eng dolzarb muammolarni hal etsalar, jamiyatga va iqtisodiyotga ko‘proq foyda keltirgan bo‘lar edi», – degan u.