Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tashkil etilgan. U avval Bosh prokuratura huzurida edi, prezidentning 15-martdagi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazilgan.

“Agroinspeksiyaning VMga o‘tkazilishi uning kutilgan natija bermagani uchun emas, balki aksincha mazkur yo‘nalishda erishilgan natijalarni yanada mustahkamlash va agrokompleks faoliyatini yanada kuchaytirish maksadida amalga oshirildi. Agroinspeksiyaning hozirgi maqomi vazirlikka tenglashtirilgani ham shuni tasdiqlaydi”, deya izohladi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbarining aytishicha, prokuraturaga xos bo‘lmagan vazifa va funksiyalar mantiqiy tadrijiy ravishda tegishli idoralar vakolat doirasiga o‘tkazilayapti. “O‘z vaqtida mexanizmni yo‘lga qo‘yib olish uchun mazkur yo‘nalishlarda prokuraturaning huquqiy ko‘magi zarur edi, hozir esa barcha idoralar o‘z yo‘nalishi uchun mutassadi”, deb ta’kidlandi.

Yangi qabul qilingan Prezident qarorida inspeksiyaning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar ko‘rsatib o‘tilgan:

  • qishloq va suv xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
  • eksport-import va respublika ichidagi tashishlarda don ekinlari, paxta xom ashyosi, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ulardan qayta ishlangan mahsulotlar sifatini majburiy davlat tekshiruvidan o‘tkazish;
  • huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • ma’muriy huquqbuzarliklar haqidagi ishlarni yuritish.

Inspeksiyani prezident tomonidan tayinlanadigan va ozod etiladigan boshliq boshqaradi va u bevosita hukumatga hisobdordir.

Inspeksiya boshlig‘i mehnatiga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazirga, Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlari vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.