Siyosat va hokimiyat: agar siz prezidentning qizi yo kuyovi bo‘lsangiz... So‘nggi yillarda mintaqa davlatlari bo‘ladimi yoki dunyo, prezident oilalarining mamlakat siyosiy hayotida qanchalik faollashib borayotgani tahlilchilarning alohida e’tiborlariga molik mavzulardan biriga aylangan.

Turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida eng ko‘p bahsu munozaralarga sabab voqelik ekani kuzatilgan.

Kimdir buni boshqaruvdagi tizim tabiati, prezident otaning qudratiga yo‘yayotgan bo‘lsa, boshqasi bunga qobiliyati, salohiyati bo‘lsa, nega yo‘q, u ham o‘sha mamlakatning bir fuqarosi, qandini ursin, omadini bersin deya munosabat bildirgan.

Yana birlari esa prezidentlar farzandlari bilan bog‘liq voqealar rivojini "xayrlisi bo‘lsin" deya anchayin "xavotir" bilan kuzatib turganliklarini aytishgan.

Siyosiy tahlilchilar esa o‘z tahlillarida hali-hanuz anchayin ehtiyotkor mavqeda, ularga ko‘ra prezident otaning qizi bo‘ladimi, kuyovi yoki o‘g‘li, o‘z yaqinlarini ishga olishi huquqiy davlatchilik nuqtai nazaridan manfaatlar to‘qnashuvi talqinida maqbul ish bo‘lmasligi mumkin.

Ammo tahlilchilar bahosi, tanqidchilar tanqidi va oddiy odamlarning qizg‘in aks-sadolariga qaramay, bu kabi tajriba hanuz amalda.

Deylik, xalqaro baholarda dunyoning eng demokratik ikkita davlatidan bittasi sifatida ko‘riluvchi Amerika Qo‘shma Shtatlarida prezident Donald Trampning qizi Ivankaning qanchalik siyosiy faolligi birgina so‘nggi haftalarning o‘zida yana qator savollarni o‘rtaga otmay qolmagan.

Ivanka Tramp yaqinda Yaponiyada bo‘lib o‘tgan katta yigirmatalik sammitida oldingi planda bo‘lgan.

Oliymaqom uchrashuv nihoyasida u otasining yonida dunyo rahbarlari bilan suratga ham tushgan.

Bu o‘z navbatida Ivanka Trampning Oq uydagi roli o‘zi nimadan iborat degan savollarni paydo qilgan.

Foto: President.tj

Xuddi shu manzarada mintaqaviy tahlilchilar bunga o‘xshash holat Markaziy Osiyoning aksariyat davlatlariga ham birdek xos ekaniga, yillarki, e’tibor qaratib kelishadi.

Bu kabi davlatlarda prezidentlarning yaqinlari mamlakatning Birlashgan Millatlar Tashkiloti qoshidagi elchisi bo‘ladimi, Senat raisi yoki shahar hokimi, bir yoki birvarakayiga bir nechta lavozimni egallab kelishgan yoki turishibdi.

Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazining Mossack Fonseca huquqiy shirkati sizdirgan ma’lumotlarga asoslangan 2016-yilgi tadqiqotda esa Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning qizlari qiymati milliardlab dollarga baholanadigan oltita oltin koniga ega shirkatning 56 foiz hissasini boshqarishlari ham iddao qilingandi.

Orada qo‘shni Tojikistonda mansabdorlarga yaqinlarini ishga olishlari rasman man etilgan.

Ammo tahlilchilar yangi cheklovlar manzarasida Tojikistondagi nufuzli o‘rinlarni prezident va vazirlarining farzandlari egallab olishganiga e’tibor qaratishgandi.

Bularning barchasi orada "Markaziy Osiyo: demokratiyami va yo monarxiya, Markaziy Osiyoda demokratiya ishlaydimi? Balki xonliklar va bekliklarga qaytish ma’quldir?" kabi savollarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.

Boshqa tomondan, tahlilchilarning diqqat markazi va xulosasidagi bu kabi savollar hozircha mintaqadagi birorta davlatning ommaviy axborot vositalarida o‘zining tahliliy talqini, bahosini topmagan.

Oddiy aholi, oddiy odamlarning bu xususdagi fikr, mulohaza va munosabatlari ham aksariyat hollarda o‘zaro suhbatlar yoki ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi sharhlardan nariga o‘tmagan.

Bi-bi-sining Shimoliy Amerika bo‘yicha muxbiri Entoni Zurker AQSH misolida Ivanka Trampning yuksalishini tahlil qiladi.

Bir ko‘ring-chi va fikrlaringiz bo‘lsa, albatta o‘rtoqlashing.