Afg‘onistonda ilk bor muammal o‘zbek tili qomusi nashr etiladi. 30 mingdan ortiq so‘zni ichiga oluvchi ushbu lug‘atda Afg‘onistondagi geografik nomlar, tarixiy joy nomlari, milliy atamalar va boshqa o‘zbekcha so‘zlarning izohi batafsil keltiriladi.

O‘zbek tili qomusi mamlakat mustaqilligining 100 yilligi munosabati bilan Afg‘oniston prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani farmoyishi va homiyligi asosida chop qilinadi.

«Afg‘oniston prezidenti bundan chamasi 6 oy oldin davlatimiz mustaqilligining 100 yilligi munosabati bilan pushtun, dariy va o‘zbek tillarida katta hajmdagi qomus nashr etilishi borasida farmon chiqargan edi. Ayni dam kitobni tayyorlash ishi o‘z nihoyasiga yetgan. Yaqin orada katta tirajda chop etilishi kutiladi», – deydi mualliflardan biri Olim Ko‘hkan.

O‘zbek tili qomusini tayyorlashda 8 kishilik jamoa ish olib borgan, shulardan 4 nafari O‘zbekistonda tahsil olgan o‘zbek tilshunoslaridir.

«O‘zbek tili qomusini yozishda O‘zbekistonda nashr etilgan “O‘zbek tili izohli lug‘ati”dan keng foydalandik. Loyihamiz bu bilan to‘xtab qolmaydi. Bizning kelgusi ishimizda o‘zbek ziyolilarining ko‘magiga ehtiyojimiz bor. Ya’ni bizga o‘zbek tarixchi va tilshunoslarining o‘zbek xalqining kelib chiqishi va bir millat bo‘lib shakllanishi haqida mo‘tabar manbalar kerak», – deydi Olim Ko‘hkan.

Juzjon bilim yurtida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan Olim Ko‘hkan o‘tgan yili o‘zbek yozuvchisi Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» romanini eski o‘zbek yozuvida tayyorlab, ilk bor Afg‘onistonda nashr ettirgan. Roman arab yozuvida ming nusxada chiqqan.

Afg‘onistonda nashr etilgan «Yulduzli tunlar» kitobi.

Olim Ko‘hkan Afg‘onistonda o‘zbeklar uchun o‘zbek tilidagi kitoblar taqchilligini aytadi.

Uning aytishicha, «Afg‘onistonda 7 millionga yaqin o‘zbek millatiga mansub aholi yashaydi. Afg‘oniston va O‘zbekistonda farqli alifbolar qo‘llangani Amudaryoning ikki tomonida hayot kechiradigan o‘zbeklarning bir-birlaridan uzoqlashishiga sabab bo‘ladigan omillardan biri hisoblanadi. Bizda o‘zbek adabiyotlari kam, deyarli yo‘q darajada. Shu bois o‘zbek adabiyotlarini shimoliy viloyatlardagi o‘zbek xonadonlariga yetkazishga ehtiyoj bor».

2017-yil Olim Ko‘hkan Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» asari ham ming nusxada nashr qilingan.

Afg‘onistonlik o‘zbeklarning o‘zbek tilidagi ta’limida kadrlar yetishmasligi, zaruriy adabiyotlarning yo‘qligi kabi muammolar mavjud.

Afg‘onistonlik o‘zbek talabalari.

Bu muammoni hal etish maqsadida 2018-yilning yanvarida Surxondaryo viloyati Termiz tumanida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazi ochilgan. Ushbu markazda afg‘onistonlik talabalar ikki, to‘rt va olti yillik sirtqi ta’lim shakllarida tahsil olishadi.

Maqola afg‘onistonlik o‘zbek ziyolisi Olim Ko‘hkan bilan hamkorlikda tayyorlandi.