AQSh Prezidenti Donald Tramp Tolibon bilan olib borilgan tinchlik muzokaralarini to‘xtatishini ma’lum qildi. Muzokaralar Amerikaning Afg‘onistondagi 18 yillik urushiga barham berishi kutilayotgan edi.

Trampning Tvitterda yozishicha, u yakshanba kuni Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani va Tolibon rahbariyati bilan uchrashishi kerak bo‘lgan.

Biroq Tolibon jangarilari Amerika askari o‘limiga olib kelgan yaqindagi hujumga javobgarlikni zimmasiga olgach, Tramp Kepm Devid qarorgohida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan maxfiy uchrashuvni bekor qildi.

Tolibon kelishuvga erishishni bekor qilishdan Amerika xalqi ko‘proq yutqazishini ma’lum qildi.

Uchrashuv 2001-yil 11-sentyabr kuni Nyu Yorkka hujum bo‘lgan tarixiy sanadan bir necha kun oldin bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan.

2001-yilning kuzida AQSh Afg‘onistonga bostirib kirdi va Tolibonni hokimiyatdan olib tashladi. Tolibon AQShga uchoq bilan hujum rejalagan Al-Qoidaga boshpana bergani uchun Amerika qahriga uchragandi.

Tolibonning Dohadagi siyosiy qanotidan Bi-bi-si manbasining aytishicha, guruh janob Trampning qarorini muhokama qilish uchun "shoshilinch ichki yig‘ilish" o‘tkazadi.

Tramp bilan alohida uchrashishi kerak bo‘lgan Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani ma’muriyatining aytishicha, Tolibon otashkesimga rozi bo‘lib, Afg‘oniston hukumati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga o‘tirsa tinchlikka erishib bo‘ladi.

Bu qanchalik kutilmagan yangilik?

O‘tmishda tarixiy tinchlik muzokaralariga erishilgan joy sifatida mashhur bo‘lgan Kemp Devidda Tolibon bilan yuzma-yuz uchrashish AQSh Prezidenti tomonidan g‘ayritabiiy diplomatik harakat bo‘lishi mumkin edi.

Ayniqsa, bu 2001-yil 11-sentyabrda Amerikaga bo‘lgan hujumlarga 18 yil to‘lishi arafasida bo‘lishiga e’tibor qaratilmoqda.

AQShning yuqori martabali muzokarachisi tinchlik sulhi dushanba kuni imzolanishi mumkin degan edi.

Biroq Trampning Shanba kechasi yozgan tviti deyarli bir yil davom etgan va Tolibon Amerika qo‘g‘irchog‘i deb atagan Kobuldagi Afg‘oniston hukumatini chetga surib qo‘ygan mashaqqatli muzokaralarni nihoyasiga yetkazdi.

"Afsuski, Tolibon yolg‘on ta’sir o‘tkazish vositalarini ko‘rsatish uchun Kobulga hujum qilgani va bizning buyuk askarlarimizdan birini o‘ldirganini tan oldi. Men zudlik bilan uchrashuvni bekor qildim va tinchlik muzokaralarini to‘xtatdim", deb yozdi Donald Tramp.

Tayyorlanayotgan suhl shartiga ko‘ra AQSh 20 haftaning ichida 5400 askarini olib chiqishi va buning evaziga Tolibon Afg‘oniston hech qachon terrorizm o‘chog‘i bo‘lmasligi borasida kafolat berishi kerak edi.

Ayni damda Amerikaning Afg‘onistonda 14 ming askari bor.

Afg‘onistonda qanday hujum bo‘ldi?

Payshanba kuni Kobulda Tolibon tomonidan avtomobil portlatilishi 12 kishining, jumladan, bir Amerika harbiysining umriga zomin bo‘ldi.

Yana NATO rahbariyati ostida xizmat qilayotgan ruminiyalik askar ham halok bo‘ldi.

Biroq Tolibon tinchlik muzokaralari davom etayotgan vaqtda ham Afg‘on va xorij kuchlariga qarshi zo‘ravonlik kampaniyasini to‘xtatishga rozi bo‘lmagan.

Shu yil 16 AQSh askari o‘ldirildi.

So‘nggi vaqtlarda zo‘ravonlikning ortishi AQSh va Tolibon o‘rtasidagi kelishuv Afg‘onistondagi kunlik janglar va uning tinch aholiga bo‘layotgan oqibatlarini to‘xtata olmaydi, degan qo‘rquvlar kuchayyotgan edi.

O‘zbekistonning ishtiroki

8-avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlari vaziri Abdulaziz Komilov Tolibonning Dohadagi siyosiy qanoti rahbari Mulla Abdulg‘ani Barodarni qabul qildi.

Afg‘oniston Tolibon harakatining hamasoschisi, siyosiy qanoti va Dohadagi idorasi rahbari Mulla Barodar Axund boshchiligidagi hay’at bir tashrifining o‘zida poytaxt Toshkentda muzokaralar borgan, qadim Samarqand va Buxoroda bo‘lgan.

Imom al-Buxoriy, Shohi Zinda va Islom olamida muqaddas bo‘lgan boshqa qator qadamjolarni ziyorat qilgan.

Juma namozini Samarqanddagi Imom al-Buxoriy Jome’ masjidida o‘qigan, Qurbon Hayitini Toshkentda qarshi olgan. Hayit namozini ham O‘zbekiston poytaxtidagi masjidlarning birida ado etgan.

Afg‘oniston Tolibon harakati o‘zining ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi rasmiy akkauntlarida chop qilgan suratlardan muzokarachi tomonlarning bir-birlari bilan hadya alishganliklari ham ko‘rilgan.

Samarqand viloyati hokimi esa, hatto, Mulla Barodarga zarbof to‘n kiydirgan, o‘z qo‘llari bilan qiyiq bog‘lab, o‘zbekcha do‘ppi ham kiydirgan.

Bu kabi izzat-hurmat O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili hozirligida ko‘rsatilgan.

Ismatilla Irgashev hay’atning har bir safari, masjidlarga qadar hamrohlik qilgan, namozni ham ular bilan birga ado etgan.

Tolibon o‘z suratida Samarqand viloyati hokimi tomonidan berilganini bildirgan ziyofat chog‘ida sozandalar ham ko‘zga tashlangan.

Bu ham kuy-qo‘shiqqa o‘zining keskin qarshiligi bilan tanilgan harakat vakillarining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ko‘pchilikning diqqat-e’tiboriga tushgan voqe’liklardan biri bo‘lgan.

Ularning bu surati ijtimoiy muloqot tarmoqlarida yengil kulgu, hajv va taajjublarga ham sabab bo‘lmay qolmagan.

Boshqa tomondan, mazkur holat Tolibonning mo‘’tadillashib borayotgani nishonasi emasmikan qabilidagi talqinlarga ham zamin yaratgan.

Hay’atning tarkibi, a’zolari soni va kun tartibi borasida rasmiy ma’lumotlar esa, so‘nggiga qadar mavhum qolgan.