Afg‘oniston O‘zbekistonda «Tolibon» harakatining vakillari bilan bo‘lib o‘tgan «rasmiy uchrashuv»ning mohiyatiga e’tiroz bildirdi. Afg‘on tashqi ishlar vazirligi bu uchrashuv «Afg‘oniston hukumati va "Tolibon" harakati o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini osonlashtirmagani»ni aytgan. Bu haqda TOLOnews xabar beradi.

«Biz barcha mamlakatlarni, xususan qo‘shnilarimizni Afg‘oniston islom respublikasining hukumati va xalqining afg‘onlararo tinchlik muzokaralarida yetakchiligini va bu muzokaralarga egalik qilishini hurmat qilishga chaqiramiz», – deyiladi 10-avgustda Afg‘on TIV bergan bayonotda.

Afg‘oniston tashqi ishlar vazirining rasmiy vakili Sibxatulloh Ahmadiy Toshkent «Tolibon» harakatining vakillarini rasman qabul qilganiga e’tiroz bildirdi.

Afg‘on siyosiy idorasi nazarda tutayotgan uchrashuv 8-avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida «Tolibon» harakatining Doha shahridagi siyosiy ofisi rahbari mulla Barodar Oxund boshchiligidagi harakat vakillari bilan bo‘lib o‘tgan.

«Uchrashuv chog‘ida Afg‘onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlikka erishish maqsadida mamlakatda tinch siyosiy jarayonlarni ilgari surish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi», – deydi o‘zbek TIV.

«Mulla Barodar afg‘onlararo muloqotning navbatdagi raundini Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatlagan», – deyiladi rasmiy bayonotda.