O‘zbekiston Rossiya yordamida quradigan Atom elektr stansiyasi uchun mutaxassislarni tayyorlashni boshlamoqda. Toshkentda yana Rossiya bilim dargohi filiali ochildi va unda "atomchilar" tayyorlanadi. Bu haqda ochilish marosimida ishtirok etgan Bosh vazir Abdulla Aripov ma’lum qildi.

O‘zbekiston rahbariyati keng jamoatchilik bilan maslahatlashmasdan, AES qurish rejasini boshlagan. Shuningdek, bu AESni Rossiya quradi. Tanqidchilarga ko‘ra, bu kabi xatarli qurilishlar uchun obdon tekshiruv hamda xalqaro tenderlar o‘tkazilishi kerak edi.

2019-yil 3-sentyabr kuni poytaxt yaqinida joylashgan Ulug‘bek qo‘rg‘onida Moskva muhandislik-fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universitetining birinchi xorijiy filiali ochildi. Rasmiylarning ta’biricha, mazkur ilm maskanida o‘zbekistonlik bo‘lajak «atomchilar» tayyorlanadi. Ochilish marosimida Bi-bi-si O‘zbek Xizmati muxbiri ham qatnashdi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Oripov, "Rosatom" atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov, O‘zbekiston Resublikasi Energetika vaziri, Bosh vazirning maslahatchisi Alisher Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining oliy rahbariyat vakillari, "O‘zatom" agentligi, "Rosatom" davlat korporatsiyasi vakillari va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Energetika vazirligining rasman bayon etishicha, Toshkentda ushbu oliy ta’lim muassasasining ochilishi «O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanib borayotganining yorqin tasdig‘idir.»

Matbuotga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda talabalar eng zamonaviy dasturlar asosida ta’lim oladi. Filialning barcha bitiruvchilari O‘zbekistonda va xorijda tan olinadigan Rossiya namunasidagi diplomlar oladi va atom sohasidagi mahalliy korxonalarda ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning iyul oyida Ulug‘bek qo‘rg‘onida joylashgan Fanlar Akademiyasining Yadro fizikasi instituti hududida Moskva muhandislik-fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universitetining filialini ochish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekkan edi.

Farmonda oliygoh talabalari atom energetikasi va yadro texnologiyalari sohasi bo‘yicha Rossiya ta’lim standartlariga muvofiq bilim olishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Energetika vazirligi tarqatgan bayonotda yangi oliy ta’lim muassasasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga yadro energetikasi, issiqlik fizikasi sohasida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash, yadro fizikasi sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib borish kirishi ta’kidlanadi.

Joriy yilning yozida imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan talaba yaqin kunlarda o‘qishni boshlashi va ularning ta’limi byudjet asosida bo‘lishi xabar qilinmoqda.

Marosim davomida so‘zlagan nutqida Bosh vazir Abdulla Oripov «bu yerda oliy ta’lim olgan minglab o‘zbekistonlik yoshlar bo‘lajak atom elektr stansiyasi va uning yadroviy infratuzilmalarida faoliyat yuritishi»ni ta’kidlab o‘tdi.

«Ushbu o‘quv markazining tashkil etilishi mamlakatimizda qurilajak Markaziy Osiyodagi eng birinchi yuqori quvvatli atom elektr stansiyasining barpo etilishi bilan bog‘liq. O‘z-o‘zidan, bu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlarga talab yuzaga keladi,» deydi Bosh vazir.

O‘tgan yilning sentyabr oyi boshida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida AES qurilishi yuzasidan hamkorlik qilish to‘g‘risidagi kelishuvga erishgan edi. Hozircha, Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘liga yaqin maydon ikki energoblokdan iborat atom elektr stansiyasi kompleksini barpo etish uchun birinchi darajali hudud o‘laroq tanlangan.

RIA Novosti nashrining yozishicha, "O‘zatom" agentligi bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov, bundan avvalroq, Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari AES qurilishi bo‘yicha shartnomani 2019-yilning oxiriga qadar imzolashi mumkinligini ma’lum qilgan.

AES qurilishi Rossiya hukumati kreditini jalb etish yo‘li bilan 2022-yilda boshlanishi rejalashtirilmoqda.