Adenoidlar – LOR tajribasida bolalarda tez-tez uchrab turadigan kasallik. Bu bodomsimon bezni davolashda oldin u qayerda joylashishi va nima vazifa bajarishi haqida gaplashamiz.

Adenoidlar burundagi bezning patologik kattalashishidan hosil bo‘ladi. Nomidan ko‘rinib turibdiki, u burun bo‘shlig‘ida joylashgan bo‘ladi. Adenoidlar vujudni burundan hiqildoqqa tushadigan infeksiyalardan himoya qiladigan limfa to‘qimalaridan iborat. Bu kasallik asosan 3-7 yoshli bolalarda uchraydi.

Adenoidlarni oddiy ko‘z bilan ko‘rish qiyin, shuning uchun LOR shifokorlari maxsus ko‘zgudan foydalanishadi. Ko‘pchilik adenoidlar bilan adenoiditni adashtiradi. Adenoidit adenoidlarning yallig‘lanishi bo‘lib, adenoidlar kattalashishiga olib keladi. Adenoidlar kattalashishiga burun shilliq pardasining infeksiyalanishi, nafas olish yo‘llari infeksiyalari va allergiya sabab bo‘ladi.

Mutaxassislarning fikricha, adenoidlarni o‘z vaqtida davolamaslik bolalar kejalagi uchun xavflidir. Bolalar keyinchalik kar-soqov bo‘lib qolishi ham mumkin.

1Adenoidit belgilari

Adenoidlarning asosiy belgilari quyidagilar:

  • asosan uxlayotganda og‘izdan nafas olish;
  • tumov bo‘lmaganda burundan kuchsiz nafas olish;
  • davolash qiyin kechadigan surunkali shamollash.

Adenoidlarning asoratlari:

  • Eshitish qobiliyatining pasayishi – adenoidning kattalashishi yevstaxiy naychasi (o‘rta quloq bo‘shlig‘ini burun-tomoq bo‘shlig‘i bilan tutashtiruvchi naycha) teshigini to‘sib qo‘yadi, natijada nafas olish qiyinlashadi. Quloq pardasi eshitish qobiliyatining kuchliligiga ta’sir o‘tkaza oladigan darajada harakatchan bo‘lib qoladi.
  • Tez-tez shamollash – kattalashgan adenoidlar burun teshigidan oqadigan shilimshiq suyuqlik yo‘lini to‘sib qo‘yadi. Burundan suv oqishining to‘xtashi bakteriya va viruslarning ko‘payishi uchun qulay bo‘lib, yallig‘lanish kuchayishiga olib keladi.
  • Adenoidit – adenoidlarning yallig‘lanishi. Adenoidlarning tez kattalashishi burundagi bodomsimon bez to‘qimalarining surunkali yallig‘lanishiga sabab bo‘luvchi ko‘p bakteriya va viruslarni chaqiradi. Bu holatda adenoidlar butun organizmga tarqaladigan mikroblar uchun surunkali infeksiyalar manbasi bo‘lib qoladi.
  • Nutqning buzilishi – adenoid davrida bosh chanog‘ining yuz suyaklari o‘sishi buziladi. Bola dimog‘idan gapirishni boshlaydi, ayrim harflarni noto‘g‘ri talaffuz qiladi. Bunday paytda shunaqa o‘zgarishlarga e’tibor berish va darhol shifokorga uchrashish kerak.
  • Darslarni qoldirish – burun orqali nafas yo‘llari buzilganda bosh miyaga kislorod yetkazib berish hajmi taxminan 18 foiz kamayadi. Kislorod yetishmasligi fikrlash qobiliyatiga, bolaning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi.
  • Quloq og‘rishi – kattalashgan adenoidlar yevstaxiy naychasi teshigini yopib qo‘yadi, bu esa bakteriya va viruslar avj olishiga, quloq og‘rishi kuchayishiga olib keladi.
  • Nafas yo‘llari kasalligi – burun teshigidagi surunkali infeksiya kasalligi pastki nafas yo‘llarini zararlaydi. Natijada faringit, laringit, traxeit va bronxit kuchayadi.

2Bolalardagi adenoidlar bosqichlari

Adenoidlar uch bosqichda kattalashadi. Birinchi bosqichda kunduzi nafas olish oson bo‘ladi, kechasi uxlayotganda, aksincha, qiyinlashadi.

Ikkinchi bosqichda burundan nafas olish kunduzi ham, kechasi ham qiyinlashadi. Uyqu paytida xurrak otishi ham mumkin. Bolalar odatda og‘zini ochib uxlashadi.

Uchinchi bosqichda burundan nafas olish butunlay izdan chiqadi, bola faqat og‘zidan nafas oladi. Bu adenoidlarning eng og‘ir bosqichidir.

3Adenoidni davolash

Adenoidlarni jarrohlik yo‘li bilan va operatsiyasiz davolash mumkin. Birinchi bosqichdagi adenoidlar uchun operatsiya shart emas. Bu holatda:

  • burunga tomchi dori sepiladi;
  • burun bo‘shlig‘i tuzli qorishma (akvamaris) bilan yuviladi;
  • gomeopatik vositalar yordamida davolash;
  • giyohlar – qizilpoycha (zveroboy), dorixona moychechagi bilan burunni yuvish.

4Operatsiya qilish kerakmi?

Adenoidlarni jarrohlik usuli bilan olib tashlash hamma bolalarga ham tavsiya etilmagan. Bu usul asosan ikkinchi va uchinchi bosqichdagilarga qo‘llanadi. Ya’ni bez to‘qimasining sezilarli kattalashishi va boshqa alomatlar – quloq og‘rishi, eshitish pasayishi, tez-tez shamollash, nutqning buzilishi va burundan nafas olishning qiyinlashishi kuzatilganda jarrohlik amaliyoti qo‘llanadi.

5Tuyadaraxt moyidan foydalanish

Adenoidlarni davolashda tuyadaraxt (sarvguldoshlar oilasiga mansub archasimon o‘simliklar turkumi) moyi bilan ingalyasiya qilish samarali usullardan biri ekani isbotlangan. Bu moy shishni yo‘qotadi va burundan nafas olishni osonlashtiradi, to‘qimalar qayta tiklanadi va adenoid hajmi kichrayadi.

Adenoidni davolashda tuyadaraxt yog‘idan efir moyi yoki gomeopatik vosita sifatida foydalanish mumkin. Muolaja paytida gomeopatik tuyadaraxt moyi qorishmasidan burunga tomizish (burunning har ikki teshigiga ikki tomchidan) kerak. Efir moyini 1:7 nisbatda tayyorlash lozim (aralashmagan efir moyini burunga tomizish mumkin emas, chunki unda zaharli moddalar bor).

Tuyadaraxt moyidan massaj paytidagi bug‘li ingalyasiya uchun ham foydalanish kerak. Lekin uni boshqa moy bilan aralashtirish zarur.

Bu moydan foydalanish kasallikni jarrohlik yo‘li bilan davolashgacha olib borish ehtimolini ancha kamaytiradi.

6Uy sharoitida davolash mumkinmi?

Adenoidni uy sharoitida davolasa ham bo‘ladi, faqat LOR shifokorining qat’iy tavsiyasi bo‘lishi shart. Adenoidni operatsiya bilan olib tashlash statsionarning qat’iy shartlari bilan amalga oshiriladi.

Operatsiya adenoidlar to‘qimalari o‘sishi xavfi katta bo‘lganda besh yashar bolalarga ruxsat etiladi. Operatsiyadan keyin 10 kun davomida parhez qilish kerak: qaynoq, qattiq ovqatlarni yemaslik lozim. Bir oy davomida esa jismoniy zo‘riqishlardan xoli bo‘lish taqozo etiladi.

7Kasallikning oldini olish

Adenoidning oldini olishda sog‘lom turmush tarziga amal qilish, immunitetni mustahkamlash, jismoniy zo‘riqishlarga yo‘l qo‘ymaslik va to‘yib ovqatlanish talab etiladi. Bolalar qum va maishiy kimyoviy moddalardan o‘zlarini olib qochishlari kerak.