Bosh vazir Abdulla Aripov 2019-yil 1-avgust kuni Bishkek shahrida Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, fan-texnika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlik yildan yilga rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 446,5 million dollarga yetib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,5 barobar oshgani qayd etildi.

– Yaqin yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniga egamiz, – dedi Abdulla Aripov. – Buning uchun mamlakatlarimizda yetarli salohiyat mavjud.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tashrif davomida Abdulla Aripov Qirg‘iziston bosh vaziri Muhammadqaliy Abulg‘oziyev bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Tomonlar ikki mamlakat prezidentlari uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlarning ijrosi, ularni to‘liq ro‘yobga chiqarishning muhim jihatlarini muhokama qiladi. Shuningdek, hukumatlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.