«Hozirgi kunda 28 mingdan ortiq bola Toshkentdagi 81 ta talabgir maktabning mikrohududida yashasa-da, lekin unga kira olmay, boshqa maktablarda o‘qishga majbur bo‘lib kelmoqda. Ularning konstitutsion huquqini kim himoya qiladi?», – deb yozgan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Facebook sahifasida.

Vazirning aytishicha, ularning bu maktablarga kirolmaganiga shu vaqtgacha asosan boshqa mikrohududlardan tanish-bilish orqali bolalar qabul qilinib, ularga joy yetmay qolgani sabab bo‘lgan.

«Yangi tizim aynan shunday bolalarga qulaylik yaratadi, o‘zining mikrohududidagi maktabga tanish-bilishsiz, bepul kira oladi (avval buning imkoni yo‘q edi!). Bironta bola mikrohududdan qamrab olinmasdan qolishi mumkin emas», – deydi vazir.

Shermatovning tushuntirishicha, avval shu maktablar mikrohududi to‘liq qamrab olinadi, undan keyin agar joy qolsagina qo‘shimcha kvota bo‘yicha olish mumkin bo‘ladi.

Xalq ta’limi vazirligi taklif qilayotgan yangi tizimga ko‘ra endi maktabga qo‘shimcha kvotalar orqali ham qabul amalga oshirilishi mumkin. Bu hozircha Toshkentdagi 81 ta maktabda sinov tariqasida joriy etiladi.

Qo‘shimcha kvota bo‘yicha maktablarga qabul qilish uchun bir bolaga nisbatan quyida nazarda tutilgan holatlarning har bir bandi bo‘yicha ota-onalarning roziligi asosida eng kam oylik ish haqining o‘n baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘imlar undiriladi:

  • a) mikrohududdan tashqarida istiqomat qilayotgan maktab yoshidagi bolalar;
  • b) mikrohudud va mikrohududdan tashqari maktab yoshiga yetmagan, ya’ni tegishli yilning 1 yanvaridan 31 avgustiga qadar 7 yoshga to‘lmaydigan bolalar;
  • v) umumta’lim muassasalarida (mikrohudud va mikrohududdan tashqari) ta’lim berish tili bo‘yicha boshlang‘ich bilim (muloqot qilish) ko‘nikmasiga ega bo‘lmagan bolalar uchun.

Mazkur mablag‘lar maktabdagi sharoitlarni yaxshilash hamda maktab o‘qituvchilari va direktorini rag‘batlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Sherzod Shermatov bungacha ham mazkur yangi tizim bo‘yicha batafsil tushuntirishlar bergan. Bittasida nufuzli maktablarga bolani joylashtirishning antikorrupsion mexanizmini batafsil izohlagan bo‘lsa, ikkinchisida samarali ishlayotgan direktorlarni qo‘llab-quvvatlash evaziga korrupsiyaga barham berish yo‘llarini aytgan.