O‘zbekiston Oliy sudi Oliy kengashning sobiq deputati Samandar Qo‘qonovning reabilitatsiya arizasini qanoatlantirmadi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.

Oliy sudning besh kishilik kassatsiya sudlov hay’ati Samandar Qo‘qonovning jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqib¸ dastlabki instansiya sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirish haqida ajrim chiqardi.

Samandar Qo‘qonov kim?

To‘qsoninchi yillarning eng boy odamlaridan biri, O‘zbekiston Oliy kengashi deputati¸ Chinoz neftni qayta ishlash korxonasining sobiq boshlig‘i Samandar Qo‘qonov 1993-yilda davlat mulkini talon-toroj qilganlik aybi bilan hibsga olingan va keyinchalik 20 yillik qamoqqa hukm etilgan.

Asli Jizzax viloyatining Forish tumanidan bo‘lgan Samandar Qo‘qonov 1989-yili Shavkat Mirziyoyev bilan bir chaqiriqda O‘zbekiston Oliy kengashi deputatligiga saylangan.

​Ba’zi tahlilchilar Qo‘qonov qamalishining asl sababini 80-yillar oxirida muxolifatga moliyaviy yordam bergani bilan bog‘laydilar.

Qariyb 24 yil qamoqda o‘tirgan Samandar Qo‘qonov 2016-yil 24-noyabr kuni – vaqtincha prezident Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylanishidan 10 kun avval¸ kutilmaganda ozodlikka chiqarilgan edi.

Sud tomonidan berilgan so‘nggi qamoq jazosi oktyabr oyida tugaganiga qaramay tutqunlikda saqlab turilgan Qo‘qonovning ozod etilishi prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevga ham mamlakat ichkarisi¸ ham tashqarisida olqishlar bildirilishiga sabab bo‘lgan edi.

YI va AQSH rasmiylari¸ xalqaro huquq tashkilotlari Qo‘qonovning ozod etilishini O‘zbekistonda yangi siyosiy davr boshlanganidan mujda sifatida qabul qilgan edi.