20-iyundan Interaktiv davlat xizmatlari yagona portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali 1-sinflarga hujjatlarni qabul qilish boshlanadi. Maktab yoshiga yetgan bolalar faqatgina o‘zi yashayotgan mikrohududdagi maktablarga qabul qilinishi mumkin.

Bugun bo‘lib o‘tgan brifingda xalq ta’limi vaziri shu haqda ma’lumot bergan. Uning aytishicha, qo‘shimcha kvota bo‘yicha masala hozircha noma’lum muddatga kechiktirilgan. Shuning uchun mikrohududdan tashqarida yashovchi fuqarolardan hujjat qabul qilishda hech qanday to‘lov undirilmaydi. Biroq o‘sha mikrohududdagi bolalardan joy ortgan taqdirdagina qo‘shimcha qabulga ruxsat beriladi.

"Avvalambor, biz mikrohududdagi bolalarni maktabga joylaymiz. Joy qolsagina, qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabulni amalga oshiramiz".

Sherzod Shermatov

Shuningdek, 7 yoshga to‘lmagan bolalarning o‘qishga tayyorligi Davlat xizmatlari agentligida tashkil etiladigan XTV mutaxassislaridan iborat komissiya tomonidan suhbat jarayonida aniqlanadi. Ta’lim tilini bilmaydigan bolalarga faqat o‘zi muloqot qila oladigan tilda ta’lim beriladigan maktablarda o‘qishiga ruxsat etiladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hujjatning asosiy maqsadi:

  • mikrohududdagi bolalarni maktabga joylash;
  • talab katta bo‘lgan maktablardagi koeffitsiyentni barqarorlashtirish;
  • bir sinfda o‘quvchilar sonini 35 tadan oshirmaslik;
  • maktab yoshiga yetmagan va ta’lim tilini bilmaydigan bolalarni qiynamaslik;
  • maktablarga qo‘shimcha pul topish imkoniyatini yaratish.

Brifingda xalq ta’limi vaziri 2019/2020-o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul asosiy kvota bo‘yicha amalga oshirilishini aytgan.