2019-yilgi “Global Teacher Prize” xalqaro mukofoti Keniyaning chekka bir qishlog‘idagi maktab o‘qituvchisiga nasib qildi. Nima uchun o‘zbekistonlik o‘qituvchilar shunday mukofotni qo‘lga kiritmaydi? O‘zbekistonda ham shunday mukofotga loyiq, ammo xalqaro tanlovda qanday ishtirok etishni bilmaydigan o‘qituvchilar borligiga ishonamiz. Quyidagi ma’lumotlar ularga asqotadi.

1Mukofotni olish uchun nima qilish kerak?

Agar siz:

  • xoh to‘liq, xoh o‘rindoshlik asosida yoki onlayn shaklda dars berasizmi, bundan qat’i nazar, maktabgacha ta’lim muassasasida (4 yosh va undan kattalarga) va maktablarda (18 yoshgacha bo‘lganlarga) dars bersangiz;
  • haftasiga kamida 10 soat o‘quvchilar bilan yuzma-yuz bo‘lsangiz;
  • kelgusida kamida 5 yil ta’lim berish rejangiz bo‘lsa, mukofotga ariza topshirishingiz mumkin.

Mukofot dunyoning istalgan davlatidagi maktab o‘qituvchilariga berilishi mumkin.

2O‘qituvchilar qanday mezonlarga ko‘ra baholanadi?

  • Ta’lim berishda butun dunyo miqyosida tatbiq qilish mumkin bo‘lgan metodlar, usullarni qo‘llayotgani;
  • Muayyan davlat, jamiyat yoki maktabda ta’lim berishdagi ma’lum kamchiliklarni tuzatuvchi innovativ amaliyotni joriy qila olishi;
  • O‘quvchilari ko‘zga ko‘rinarli natijalarga erishgani;
  • Ta’lim berishda nafaqat maktab, balki jamiyatda ham namuna bo‘la oladigan pedagogik ta’sirga ega bo‘lishi;
  • O‘quvchilarni kelajakka – turli millat, madaniyat va dinlar qorishiq yashaydigan jamiyatlarga moslashgan qadriyatlarga ega qilib tarbiyalash;
  • O‘zi yashayotgan davlat hukumati, milliy ta’lim tashkilotlari, hamkasblari e’tirofiga sazovor bo‘lganligi.

3Tanlovga ariza qanday topshiriladi?

Arizalar faqat onlayn shaklda topshiriladi. Oflayn shakldagi arizalar qabul qilinmaydi.

4Arizalar qaysi tilda yoziladi?

Ingliz, fransuz, ispan, arab, portugal, rus va xitoy.

5Ish tajribasi necha yillik bo‘lishi lozim?

Nomzodlarda aniq bir muddat ish tajribasiga ega bo‘lish talab qilinmaydi.

6Tanlov qanday amalga oshiriladi?

Tanlov uch bosqichda amalga oshiriladi. Dastlab yuborilgan arizalar orasidan 50 nafar nomzod saralanadi, so‘ngra ularning orasidan 10 nafar finalchi aniqlanadi. Oxirida o‘sha 10 nafar finalchi ichidan g‘olib saralab olinadi. Nomzodlarning 50 kishilk ro‘yxatiga kirmagan nomzodlarga xabarnoma yuborilmaydi. Saralashdan o‘tganlarga har bir bosqichda xabarnoma yuborib turiladi.

7Mukofot puli qanday shaklda olinadi?

Mukofot puli 1 million AQSH dollari qiymatida bo‘lib, 10 yilda teng miqdorda bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.

8Shu paytgacha kimlar g‘olib bo‘lgan?

2019-yili Peter Tabichi (Keniya); 2018-yili Andria Zafiraki (Angliya); 2017-yili Magiye Makdonnel (Kanada); 2016-yili Hannan al-Hrub (Falastin); 2015-yili Nansiye Atvel (AQSH).

SSSR tarkibida bo‘lgan davlatlardan gruziyalik o‘qituvchi 2019-yili, Markaziy Osiyo davlatlaridan afg‘onistonlik o‘qituvchi 2015-yilda tanlovning finalchisi bo‘lishgan.